Jahon | 10:24 / 22.11.2022
11257
3 daqiqa o‘qiladi

Polsha sudi «Gazprom» uchun rekord darajadagi jarimani bekor qildi

Polshaning raqobat va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sudi Rossiya davlat konserni monopoliyaga qarshi qonunlarni buzmagan deb qaror qildi. Polsha regulyatori bu hukm ustidan shikoyat qilmoqda.

Foto: iStock

Polshaning raqobat va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha sudi Rossiyaning «Gazprom» davlat konserni va «Shimoliy oqim-2» loyihasida ishtirok etuvchi yana besh kompaniyaga nisbatan qo‘yilgan jarimalarni bekor qildi, deb xabar beradi Polsha raqobat va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish boshqarmasi sayti 21 noyabr, dushanba kuni.

Polsha monopoliyaga qarshi tartibga solish organining xabarida ta’kidlanganidek, sud hukmi «hayrat bilan» qabul qilingan. «Biz hukmning yozma asoslanishini talab qilamiz, keyin esa bu ish bo‘yicha apellyatsiya shikoyati beramiz», — deyiladi hujjat matnida.

2020 yil oktyabr oyida Rossiya davlat konserni «Gazprom» UOKiK tomonidan monopoliyaga qarshi qoidalarni buzganlik uchun 29 milliard zlotiy (taxminan 6,45 milliard yevro) va yana beshta kompaniya – Engie Energy, Uniper, OMV, Shell va Wintershall jami 178,5 million zlotiy (taxminan 39,8 million yevro miqdorida jarimaga tortildi. Regulyatorga ko‘ra, «Gazprom» uning roziligisiz ushbu kompaniyalar bilan bitim tuzgan va bu oxir-oqibat raqobatning cheklanishiga olib kelgan bo‘lishi mumkin. UOKiK monopoliyaga qarshi tergovni 2018 yilda boshlagan.

Avvalroq tergovda UOKiK «Gazprom»ni gaz quvurini qurish bo‘yicha shartnomalar haqida so‘ralgan ma’lumotlarni taqdim etishdan bosh tortgani uchun 213 million zlotiy (taxminan 50 million yevro) miqdorida jarimaga tortgan edi. 

Biroq, jarima ustidan shikoyat qilgandan so‘ng, sud «Gazprom»ning boshqa kompaniyalar bilan qo‘shma korxonasi tuzilmagan va UOKiK jazo qo‘llashda o‘z vakolatlaridan oshib ketgan, deb qaror qildi.

«Shimoliy oqim-2» gaz quvuri Boltiq dengizi tubi bo‘ylab o‘tishi kerak bo‘lib, gazni Rossiyadan Germaniyaga, u yerdan esa Yevropa bozorining qolgan qismiga yetkazib beradi. Loyiha kerakli sertifikatni olmagan va ishga tushirilmagan. Sentabr oyi oxirida portlashlar «Shimoliy oqim» va «Shimoliy oqim-2» quvurlariga zarar yetkazdi. Diversiya tashkilotchilari hozircha ma’lum qilinmagan. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid