O‘zbekiston | 17:15 / 23.11.2022
55156
2 daqiqa o‘qiladi

Minglab Lacetti va Cobalt'lar birgina butlovchi qismni kutmoqda - “O‘zavto”

Lacetti va Cobalt uchun 90 mingga yaqin navbat yuzaga kelgan. Ijtimoiy tarmoqlarda UzAuto Motors bu ikki modeldan iborat “sayilgoh” tashkil etgani haqida videolar tarqaldi. “O‘zavtosanoat” Kun.uz so‘roviga javoban ma’lum qilishicha, bu holatga birgina zaruriy butlovchi qismning yo‘qligi sabab bo‘lmoqda.

Internetda tarqalgan videolardan kadrlar

“O‘zavtosanoat” matbuot xizmatining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolardagi avtomobillar birgina zaruriy butlovchi qismning yo‘qligi sababli o‘z egalariga topshirilmay kelmoqda. Kompaniya bu aynan qanaqa qism ekaniga aniqlik kiritmadi.

“UzAuto Motors kompaniyasi global inqiroz davrida ishlab chiqarish hajmini sezilarli darajada oshirganiga qaramay, muhim butlovchi qismlarning keskin taqchilligini boshdan kechirayotgani haqida bir necha bor OAVda chiqishlar qildi.

Xabaringiz bor, so‘nggi ikki yil ichida jahon avtomobil bozori COVID-19 pandemiyasining oqibatlari, mikrochiplar inqirozi, logistika va Yevropadagi geosiyosiy vaziyat kabi bir qator global muammolarga duch keldi.

Ushbu kataklizmlar dunyodagi barcha avtomobil ishlab chiqaruvchilariga o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Boshqa avtozavodlar ishlab chiqarish hajmini sezilarli darajada kamaytirishga, opsiyalarni va ish o‘rinlarini qisqartirishga, hatto zavodlardagi konveyerlarini to‘xtatishga majbur bo‘ldi.

UzAuto Motors ish o‘rinlarini qisqartirmagan holda, konveyerlarning to‘xtab qolishining oldini olish uchun kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirib, ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirmoqda. Ammo ko‘rilgan chora-tadbirlarga qaramay mikrochiplardan iborat zaruriy detallarni ishlab chiqaruvchilar tomonidan O‘zbekistonga yetkazib berishda uzilishlar kuzatilmoqda.

Ushbu videotasvirda ko‘rsatilgan avtomobillar birgina zaruriy butlovchi qismning yo‘qligi sababli o‘z egasiga topshirish imkonsiz bo‘lgan deyarli tayyor avtomobillardir”, deyiladi “O‘zavtosanoat” AJ izohida.

UzAvtoSavdo_bot ma’lumotlariga tayanadigan bo‘lsak, 23 noyabr holatiga Cobalt uchun 47 769 dona, Lacetti uchun 41 991 dona navbat yuzaga kelgan.

Mavzuga oid