Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
BMT Xavfsizlik kengashi Rossiyaning Ukrainaga raketa zarbalarini qoraladi
BMT Xavfsizlik kengashi Rossiyaning Ukrainaning muhim infratuzilmasiga hujumini keskin qoraladi. «Sharmandali eskalatsiya», «mag‘lubiyatlar fonida terror» - G‘arb davlatlari Rossiyaning raketa zarbalarini shunday tavsifladilar.
Rossiya Ukrainadagi fuqarolik infratuzilmasini o‘qqa tutishni zudlik bilan to‘xtatishi kerak, deb ma’lum qildi BMT Xavfsizlik kengashining 23 noyabr, chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan favqulodda yig‘ilishida tashkilot bosh kotibi o‘rinbosari Rozmari Dikarlo.
«Tinch aholiga va fuqarolik infratuzilmasiga hujumlar xalqaro gumanitar huquq tomonidan taqiqlanadi, harbiy inshootlarga hujumlar tinch aholiga ham zarar yetkazishi mumkin. BMT bu hujumlarni keskin qoralaydi va Rossiyadan bunday harakatlarni zudlik bilan to‘xtatishni talab qiladi. Har qanday qonunbuzarlik uchun javobgar bo‘lishi kerak», - deya ogohlantirdi Dikarlo.
Rossiyaning raketa zarbalari oylar davomida «issiqlik, elektr energiyasi, suv va boshqa asosiy kommunal xizmatlarsiz sovuq ob-havoga» duch kelgan millionlab ukrainaliklar uchun bu qish falokatli bo‘lishidan xavotirlarni yanada kuchaytirmoqda.
AQShning BMTdagi doimiy vakili Linda Tomas Grinfildning aytishicha, Ukrainaning muhim infratuzilmasini nishonga olingan raketa zarbalari Rossiya tomonidan qo‘shni davlatga qarshi boshlagan «shafqatsiz va asossiz urushning sharmandali avj olishidir».
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukraina xalqini yanada ko‘proq azob-uqubatlarga duchor qilish uchun «qishki sovuqni qurolga aylantirishga harakat qilmoqda». Tomas Grinfild bunday strategiyani g‘ayriinsoniy deb atadi va Rossiya jang maydonidagi qator mag‘lubiyatlardan so‘ng unga murojaat qilganini ta’kidladi. AQSh elchisi BMTni Moskva harakatlarini keskin va so‘zsiz qoralashga chaqirdi.
Rossiya armiyasining jang maydonida muvaffaqiyatga erisha olmagani fonida Ukrainaga qilingan yirik raketa hujumlari - terrordir, dedi Fransiyaning BMTdagi doimiy vakili Nikola de River.
«Rossiyaning maqsadi aniq - harbiy mag‘lubiyatlari fonida terror tarqatish. Bunday zarbalarning davom etishini qabul qilib bo‘lmaydi», deb ta’kidladi de River va Fransiya Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etishiga ishontirdi.
Ayni paytda, Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya 23 noyabr kuni Kiyev va Vishgoroddagi turar joy binolariga zarba bergan raketalar «Kiyevga yetkazib berilgan Amerika havo hujumidan mudofaa raketalari» ekanini aytdi. Nebenzya so‘zlariga ko‘ra, Ukraina o‘zining havo mudofaa tizimlarini turar joylarda joylashtirgan va «natijada adashib qolgan raketa yoki Ukraina raketalarining bo‘laklari Rossiya nishonga olmagan obektlarga tushib qolgan». Shu bilan birga, Moskva vakili G‘arb davlatlarini «Ukrainani o‘ylamasdan qurol bilan ta’minlamoqda», deb aybladi.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy BMT Xavfsizlik kengashining favqulodda yig‘ilishida videoaloqa orqali so‘zladi. U jahon hamjamiyatini energetik terrorni qoralashga va «BMT Nizomining 7-bo‘limiga muvofiq terrorchi davlat harakatlariga aniq baho berishga» chaqirdi.
Bundan tashqari, Zelenskiy Kiyevga havo hujumiga qarshi mudofaa va raketaga qarshi mudofaa tizimlarining so‘nggi turlarini yetkazib berish, shuningdek, Rossiyani xalqaro tashkilotlarda ovoz berish huquqidan mahrum etishga chaqirdi. «Terrorchi davlat o‘zining tajovuzkorligi, terrori bo‘yicha hech qanday ovoz berishda qatnashmasligi kerak. Bu boshi berk ko‘chadir, chunki urushni boshlagan va terror uchun javobgar bo‘lgan shaxs BMT Xavfsizlik kengashining o‘z mandatini bajarishga bo‘lgan har qanday urinishini to‘sib qo‘yadi», - deya ta’kidladi Ukraina prezidenti.
Uning so‘zlariga ko‘ra, «dunyoni bu boshi berk ko‘chadan olib chiqish kerak. Bu mumkin. Dunyo bitta xalqaro terrorchining garovida qolmasligi kerak».
Keyinroq Zelenskiy o‘zining Telegram-kanalida «BMT Xavfsizlik kengashidagi bitta o‘rin hamon bandligini» qo‘shimcha qildi. «Ular u yerdan nimadir demoqchi bo‘lishdi. Ishonchim komilki, dunyoda hech kim rus yolg‘onlarini eshitishni istamaydi. Aslida bu joy bo‘sh», deb yozadi u.
Mavzuga oid
09:02 / 11.06.2026
Qochqinlar soni rekord darajada: BMT yangi hisobotni e’lon qildi
08:45 / 09.06.2026
Ukraina Rossiyani BMTdan chiqish haqida o‘ylab ko‘rishga chaqirdi
08:15 / 08.06.2026
BMT kuchli El-Nino haqida ogohlantirdi
08:10 / 06.06.2026