Jahon | 16:19 / 27.11.2022
26340
3 daqiqa o‘qiladi

Belarus tashqi ishlar vaziri kutilmaganda vafot etdi

U 64 yoshda edi.

Foto: BeLTA

Belarusning «Belta» davlat agentligi mamlakat tashqi ishlar vaziri Vladimir Makey to‘satdan vafot etgani haqida xabar berdi.

«Belta» Belarus TIV matbuot xizmati rahbari Anatoliy Glazaga asoslanib xabar tarqatgan. RIA Novosti ham Makeyning o‘limi haqidagi ma’lumotni Glaza orqali tasdiqlagan.

«Bir necha soat oldin nogahon vafot etdi. Hech narsani oldindan aytib bo‘lmaydi. Kechagina yangi hafta uchun rejalarni muhokama qilgandik. Barchamiz uchun katta yo‘qotish bo‘ldi», deya uning so‘zlarini keltirgan agentlik.

O‘lim sabablari keltirilmagan.

Juma kuni Belarus TIV saytida Makeyning apostol nunsiysi, arxiyepiskop Ante Yozich bilan uchrashgani haqida xabar berilgandi. Dushanba kuni Makey Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov bilan uchrashuv o‘tkazishi rejalashtirilgandi.

«Belarus Respublikasi tashqi ishlar vaziri Vladimir Makeyning vafoti haqidagi xabarlardan qayg‘udamiz», - deya yozdi Rossiya TIV rasmiysi Mariya Zaxarova telegram-kanalida.

Makey 1958 yilda tug‘ilgan, u 2012 yil avgustidan buyon Belarus tashqi siyosiy idorasiga boshchilik qilib kelayotgandi. Ungacha, 2008 yildan Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoning ma’muriyatiga rahbarlik qilgan. 2000 yildan 2008 yilga qadar Lukashenkoning yordamchisi bo‘lgan.

Makey 2021 yil kuzida yuzaga kelgan migratsiya inqirozi chog‘ida Belarusning G‘arb mamlakatlari bilan muzokaralarida faol ishtirok etgan, u shuningdek RF armiyasining 24 fevral kuni Ukrainaga bosqinidan keyin ikki tomon o‘rtasidagi muzokaralarni tashkillashtirishga yordam bergan.

16 fevral kuni u matbuot anjumani chog‘ida Belarusga mashg‘ulot o‘tkazish uchun kelgan Rossiya qo‘shinlari mashg‘ulotlar yakunida mamlakatni tark etishini aytgandi. «Mashg‘ulotlardan keyin birorta harbiy xizmatchi va birorta harbiy texnika qolmaydi», degandi o‘shanda Makey (iqtibos BelaPAN nashriniki).

Amalda uning bu so‘zlari tasdig‘ini topmadi, Rossiya qo‘shini Belarus hududidan Ukraina shimoliga bostirib kirdi va Kiyev tomon harakatlandi.

Mavzuga oid