Jahon | 21:05 / 29.11.2022
11882
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy AQSh harbiy kemasi bostirib kirganini da’vo qildi 

Qo‘shma Shtatlarning raketa kreyseri Xitoy suvlariga noqonuniy ravishda kirgani, so‘ngra chiqib ketgani aytildi. 

Foto: China Military

Xitoy xalq ozodlik armiyasi (XXOA) Amerikaning Chancellorsville raketa kreyseri Janubiy Xitoy dengizidagi Nansha orollariga tutash suvlarga noqonuniy bostirib kirgani haqida xabar berdi. 

XXOA janubiy hududi jangovar qo‘mondonligi matbuot kotibi Tyan Junli bayonotiga ko‘ra, AQSh harbiylarining harakatlari Xitoy suvereniteti va xavfsizligini jiddiy ravishda buzgan. Xitoy armiyasi bu holatni Vashingtonning navigatsiya gegemonligi o‘rnatish va Janubiy Xitoy dengizini militarizatsiya qilish istagining dalili deb hisoblamoqda. 

Junli, shuningdek, XXOA Harbiy-dengiz floti va Harbiy havo kuchlari Chancellorsville kreyserini ogohlantirish va kuzatib borish bo‘yicha tadbirlar uyushtirgani, buning natijasida kema Nansha orollari yaqinidagi hududni tark etganini aytdi. 

O‘z navbatida, AQSh 7-floti Chancellorsville kreyserining Xitoy hududiy suvlariga bostirib kirgani haqidagi ma’lumotni rad etdi. Flot xabariga ko‘ra, kema xalqaro huquq me’yorlariga muvofiq suzib yurgan. 

Mavzuga oid