O‘zbekiston | 11:40 / 05.12.2022
39734
2 daqiqa o‘qiladi

Talabalar uchun qishki ta’til 26 dekabrdan boshlanadi

O‘zbekistonda talabalar uchun 15 kunlik qishki ta’til beriladi.

Foto: Kun.uz

O‘zbekistonda OTM talabalari, texnikum, kollej, kasb-hunar maktabi va akademik litsey o‘quvchilari uchun qishki ta’til muddati 2022 yil 26 dekabridan 2023 yil 9 yanvariga qadar etib belgilandi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi axborot xizmati rahbari Mo‘min Ibodov ma’lum qildi.

Mazkur belgilangan tartib nodavlat ta’lim tashkilotlari uchun tavsiyaviy xarakterga ega.

OTMlarning talabalar turar joylari 2023 yil 5 yanvardan faoliyatini boshlaydi. Zaruriyat tufayli vaqtliroq keladigan talabalar shunga qarab reja tuzishlari mumkin.

Eslatib o‘tamiz, qishki ta’til oldidan «O‘zbekiston temiryo‘llari» hamda Uzbekistan Airways talabalar uchun chegirmalar e’lon qilishgan edi.

Unga ko‘ra, shu yil 22 dekabrdan keyingi yil 10 yanvarga qadar mahalliy qatnovlar uchun poyezdlarga ham samolyotga ham 50 foizli chegirma asosida chiptalarni xarid qilish mumkin.

Buning uchun talaba pasporti bilan temir yo‘l kassalariga borishi yoki elektron tarzda chipta xarid qilish uchun chipta.railway.uz saytidan foydalanishi mumkin.

Samolyotga chiptani olish uchun esa Uzbekistan Airways Sales filialiga yoki hududdagi aeroport aviakassasiga borishi, talabalik guvohnomasi, o‘qish joyidan ma’lumotnoma va pasport yoki ID-kartani taqdim etishi kerak bo‘ladi.

Mavzuga oid