Sport | 13:58 / 11.12.2022
40004
18 daqiqa o‘qiladi

Ronaldu yig‘lab, Angliya yana drama bilan turnirni tark etdi

Qatardagi jahon chempionatida yarimfinal juftliklari aniq bo‘ldi.

Foto: ALEXANDER HASSENSTEIN/GETTY IMAGES

Afrika jamoasi ilk bor jahon chempionati yarimfinaliga chiqdi.

JCh-2022. Chorakfinal. 10 dekabr
Marokash – Portugaliya – 1:0
Gol:
1:0 – 42 An-Nosiri.
Marokash – Bunu, Hakimi, Saiss (Dari, 57), Al-Yamik, Attiyyat-alla, Amrabat, Amalla (Sheddira, 65), Unai, Ziyosh (Abuhilol, 82), Bufal (Jabran, 82), An-Nosiri (Banun, 65).
Portugaliya – Diogu Koshta, Diogu Dalot (Rikardu Orta, 79), Pepe, Ruben Diash, Gerreyru (Joau Kanselu, 51), Otavio (Vitinya, 69), Bernardu Silva, Ruben Nevesh (Ronaldu, 51), Brunu Fernandesh, Joau Felish, Gonsalu Ramush (Rafael Leau, 69).
Ogohlantirishlar: Dari (70), Vitinya (87).

Yana Ramush

Krishtianu Ronaldu qatorasiga ikkinchi bor boshlang‘ich tarkibdan o‘rin olmadi. Santush Shveytsariyaga qarshi o‘yinda het-trik qilgan Gonsalu Ramushga yana ishonch bildirdi. Avvalgi o‘yin oldidan murabbiy Ronaldu bilan alohida gaplashib olgani ma’lum bo‘lgandi. Pley-off startidagi o‘yinda boshlang‘ich tarkibdan o‘rin olmasligi haqida sardor o‘yin kunidagi tushlik vaqtidayoq xabardor bo‘lgandi. O‘yindan so‘ng OAVda portugaliyalik yulduz jamoa qarorgohini tark etmoqchiligi haqida xabarlar tarqalgandi. 68 yoshli mutaxassis esa bunday mish-mishlarni rad etdi.

«U sardor, Portugaliya futboliga juda ko‘p narsa bergan aql bovar qilmas ko‘lamdagi futbolchi. Men u bilan gaplashib olishim kerak edi. Krishtianu rozi emasdi, chunki u doim startda tushgan. Bu normal holat. Ammo muloqotimiz xotirjam kechdi va ikki tomon ham o‘z fikrini bildirdi. Unga zaxirada o‘tirishni qabul qilish oson emas, ammo u terma jamoadan ketish istagi haqida aytmagani aniq. Ronalduni tinch qo‘ying. Portugaliya futboli uchun shuncha ish qilgan inson sifatida u bunday munosabatga loyiq emas», — dedi murabbiy.

Marokashliklarning yo‘qotishlari

Portugaliyalik yulduz bilan bog‘liq vaziyat haqida marokashliklar bosh murabbiyi Valid Rikrokiy ham munosabat bildirib o‘tdi. «Ronaldu o‘ynaydimi, yo‘qmi, bilmayman. Umid qilamanki, o‘ynamaydi. U tarixdagi eng yaxshi futbolchilardan biri, shuning uchun u bu o‘yinni o‘tkazib yuborsa xursand bo‘laman», — dedi mutaxassis. Va uning so‘zlari sof diplomatiyaga o‘xshardi. Yoki u maydonda g‘azablangan va katta ishtiyoqqa ega bo‘lgan Krishtianuni ko‘rishdan chindan ham qo‘rqardi.

Amalda «Atlas sherlari»ning o‘z muammolari yetarli edi. Ispaniya bilan o‘yinda muhim markaziy himoyachi Agerd jarohat oldi, chorakfinal o‘yini arafasida esa Mazraui betob bo‘lib qoldi. Ularning holati shu darajada ediki, qanchalik istashsa ham, ular Marokash uchun tarixiy bo‘lgan uchrashuvga chiqa olmasdi.

Shu bilan birga ayni vaqtda Yurgen Klopp «Liverpul»da ko‘rishni istayotgan metin va bukilmas Amrabat maydonga tushdi. Chunki u avvalgi o‘yinni ham o‘tkazib yuborishi haqida xabarlar  tarqalgandi, Ispaniyaga qarshi o‘yindan keyin esa tan oldi: «O‘tgan tunda men fizioterapevt bilan tungi soat uchgacha uxlamadim, o‘yin oldidan esa yana ukol oldim. Men yigitlarni va o‘z mamlakatimni tashlab qo‘ya olmasdim».

Diash statist rolida

Bu o‘yinning asosiy strategiyasini taxmin qilish qiyin emasdi. «Sherlar» ispanlar bilan o‘yinda bo‘lgani kabi raqibga hududlarni topshirdi. Shu bilan birga bir qancha farqlar bor edi, chunki Portugaliya — to‘pga shunchaki egalik qilish uchun egalik qilmaydi. Ular raqib hududida imkon tug‘ilishi bilan zarba berishga harakat qilishadi va buni yiqilayotib bosh bilan zarba bergan Joau Felish ham namoyish etdi.

Ammo Bunu birinchi bo‘limning boshqa xavfli vaziyatlarida bo‘lgani kabi bu vaziyatda ham ishonchli harakat qildi. Yevropaliklar ko‘p bor tavakkalchilik bilan oldinga borgani tufayli marokashliklarda raqib hududida bo‘sh zonalar topishda qiyinchilik bo‘lmadi. Ular bundan foydalanishni bilishadi, portugaliyaliklar esa dastlabki ogohlik qo‘ng‘irog‘ini e’tiborga olishmadi.

An-Nosiri dastlabki urinishida xato zarba bergandi, havodagi ikkinchi duelda esa mamlakatning jahon chempionatlaridagi eng yaxshi to‘purari ustun keldi. «Sevilya» forvardi o‘tgan mavsumda APLning eng yaxshi himoyachisi deb topilgan Ruben Diashning boshi balandligida sakradi, Chempionlar ligasida «Portu» darvozasiga belgilangan uch penaltini qaytarib shuhrat qozongan Diogu Koshta esa Qatarda navbatdagi xatosiga yo‘l qo‘ydi va raqib buning uchun jazoladi.

Portugallarning ilojsizligi

Portugaliya tanaffus arafasida Brunu Fernandeshning zarbasi biroz pastga sho‘ng‘iganida hisobni tenglashtirishi mumkin edi, ammo to‘p to‘singa tegdi. Bir necha takrorlardan keyin u pas emas, aynan zarba bergani ko‘rindi.

Ammo turnirning eng chiroyli gollaridan biri ro‘y bermay qoldi, birinchi bo‘lim statistikasi esa yevropaliklar uchun qayg‘uli edi. Jahon birinchiliklarida ular yetti bor dastlabki 45 daqiqalikda hisobda ortda qolishgan va bu o‘yinlarning oltitasida mag‘lubiyatga uchrab, faqat bir marta g‘alabani o‘z tomoniga og‘dira olgandi.

Yagona matonatli o‘yin — 1966 yilgi jahon chempionatiga to‘g‘ri keladi. Bu o‘yin ham chorakfinalda va turnirda sensatsiya ko‘targan jamoaga qarshi kechgandi. O‘shanda KXDR bilan o‘yindagi 0:3 hisobi yakunda 5:3 hisobiga o‘zgargan, bu voqealar rivoji to‘liq takrorlanishi uchun shanba kuni faqat afsonaviy futbolchi benefisi yetishmadi. 56 yil muqaddam Eysebio poker qayd etgan, ushbu afsonaviy futbolchining jahon chempionatlaridagi rekordini yangilash orzusida bo‘lgan Ronalduda esa jasorat ko‘rsatish uchun birgina bo‘lim bo‘ldi.

Krish uchun eng yaxshi davrlarida bu vaqt yetarli bo‘lgan bo‘lardi. Qolaversa, uning ajoyib sheriklari bor, Santush vaziyatni o‘nglash uchun Joau Kanselu va Rafael Leau kabi asosiy zaxira kuchlarini ham maydonga tashladi. Ammo o‘yin davomida mudofaa chizig‘i yetakchisi, sardori Saiisni ham yo‘qotgan «sherlar» portugal yulduzlarining hujumlarini bartaraf etishdi va hujumning almashtirib bo‘lmas vakillari — Ziyosh va Bufalni ham zaxiraga olib, hisobni saqlab qolishdi.

Bunu atigi bir marta, Felish yuqori o‘ng burchakka yo‘llagan zarbasini qaytarish uchun supermen rejimini yoqishiga to‘g‘ri keldi. Bu vaziyatda to‘pni Ronaldu qulay qilib tashlab bergandi va ko‘p o‘tmay uning o‘zida ham qulay vaziyat bo‘ldi, ammo uning qarshi hujumda himoyachilardan qochib ketib, yaqin burchakka yo‘llagan zarbasini darvozabon to‘xtatdi. Eng yaxshi davrlarida bunday vaziyatda u jamoasini qutqargan bo‘lardi, ammo vaqt eng buyuk futbolchilarga ham rahm qilmaydi.

O‘yin yakunlangani haqidagi hushtak chalingach, u maydonni yolg‘iz tark etdi va ko‘z yoshlarini tiya olmadi. Portugaliya uyiga qaytadi, Marokash esa Afrikaning jahon chempionatlarida yarimfinalga chiqqan ilk vakiliga aylandi.

Britanlar Qatarni tark etdi, amaldagi jahon chempionlari esa yarimfinalda Marokash bilan uchrashadi

Rolex dela Pena / EPA / Scanpix / LETA

JCh-2022. 1/4 final, 10 dekabr, «Al Bayt»
Angliya — Fransiya 1:2
Gollar: Keyn (54, penalti) — Tchuameni (17), Jiru (78).
Aniq amalga oshirilmagan penalti — Keyn (84).
Angliya – Pikford, Uoker, Maguayr, Stounz (Grilish, 90+8), Shou, Henderson (Maunt, 79), Rays, Bellingem, Foden (Reshford, 85), Saka (Sterling, 79), Keyn.
Fransiya – Loris, Kunde, Varan, Upamekano, Ernandes, Rabo, Tchuameni, Jiru, Grizmann, Dembele (Koman, 79), Mbappe.
Ogohlantirishlar: Grizmann (43), Dembele (46), Ernandes (82), Maguayr (89).

Abadiy qarama-qarshilik

Fransiya va Angliya jangi — nafaqat jahon sporti klassikasi, balki jahon tarixidagi qarama-qarshilik hamdir. Yuz yillik urush va ikki derjava o‘rtasidagi boshqa ko‘plab qarama-qarshiliklarni yodga olish mumkin. Lekin hozir barchani faqat futbol qiziqtiradi, bu ikki jamoa to‘qnashuvi 1/4 final bosqichida yuzaga kelgan final oldidan final bo‘ldi.

Fransiyada ko‘pchilik o‘yin oldidan 0:0 hisobida Angliya mudofaasini yorib o‘tish deyarli imkonsiz ekani haqida yozishdi. Britanlar esa o‘yinning eng kutilgan dueli: Mbappening Uokerga qarshi chiqishini memlarga aylantirishdi. «Manchester Siti» himoyachisiga alohida bosim bor edi, chunki ayni vaqtda dunyoning eng yaxshilaridan biri bo‘lgan bu hujumchi aynan uning qanotida xavfli harakat qiladi, shu tufayli Kayl alohida konsentratsiya talab etilardi. U esa o‘yindan oldin barchasini anglab turardi: «Uning yo‘liga qizil gilam to‘shamoqchi emasman. Mbappe sovrin tomon men orqali yo‘l boshlashini istamayman».

Yana bir mavzu muhokamalar markazida bo‘ldi. Angliya ham, Fransiya ham bu bosqichga qadar saviya jihatdan o‘ziga teng raqibga duch kelmagandi, shu tufayli chorakfinalda ikki tomonni ham ulkan ambitsiyalar sinovi kutayotgandi. Va, albatta hech kimda xato qilish huquqi yo‘q edi — chorakfinalda turnirni tark etish Angliyada ham, Fransiyada ham fojia o‘laroq qabul qilinardi.

Tchuamenining zambarak o‘qidek zarbasi

Raqiblarning yana bir umumiyligi shaffof o‘yinda edi. Turnir davomida barcha Fransiya yuqori va faol pressing uyushtirmasligiga, Angliya Uokerning gibrid roli evaziga sxemalarni transformatsiya qilishiga ko‘nikib qoldi. Bu o‘yinda esa Kayl oldinga chopmasligi ravshan edi — to‘pga egalik qilinayotganda ham u har ehtimolga qarshi Mbappeni qo‘riqlashi talab etilardi.

Shunday ham bo‘lib chiqdi. Dide Desham britanlar o‘z an’anasiga ko‘ra o‘yinni asta-sekinlik bilan boshlashini tushunib turardi, shu tufayli fransuzlar jamoasi raqibga moslashib o‘ynashga qaror qildi. Mbappe va Dembele hatto ikkinchi tezlikka ham o‘tishmadi, Jiru esa raqib ogohligini tekshirib ko‘rish uchun chayon uslubidagi zarbasini takrorlashga urinib ko‘rdi. Odatiy usullar ish bermadi, shu tufayli amaldagi jahon chempionlari yashirin qurolni ishga solishdi — Tchuameni ijrosida zambarak o‘qidek zarba berildi. Birinchidan, u bu mavsumda hatto «Real» safida ham gol urmagandi. Ikkinchidan, bu jahon chempionatida uzoq masofadan darvozani ishg‘ol etish holatlari juda kam kuzatilmoqda. Bu vaziyatda Tchuamenidan hech kim, jumladan inglizlar himoyachilari ham bunday zarbani kutishmagandi.

Keynning penaltidan urilgan goli

Garet Sautgeyt jamoasi Qatarda ilk bor hisobda quvayotgan jamoa rolini bajarishiga to‘g‘ri keldi, shu tufayli ham ularning o‘yinini kuzatish qiziqarli edi, ammo global darajada o‘zgarish bo‘lmadi: ular xotirjamlik bilan o‘ng qanotdan hujumlar uyushtirishdi, standartdan xavfli vaziyatlar yuzaga keltirishdi ... penalti so‘rashdi. Birinchi bo‘lim o‘rtalarida jarima maydoniga kirish joyida Upamekano Keynning oyog‘iga tepdi, ammo braziliyalik hakam Vilton Sampayo ham, uning videoassistentlari ham bu o‘rinda 11-metrli nuqtani belgilamadi. Ijtimoiy tarmoqlarda kuchli shovqin ko‘tarildi.

Angliya yaxshi o‘ynadi, ammo chap qanotda ham kimdir o‘yinini kuchaytirishi talab etilardi. Saka esa o‘ng qanotda tengsiz edi: «Arsenal» vingeri birinchi bo‘limda faoliyatidagi eng yaxshi o‘yinlaridan birini namoyish etdi, tanaffusdan keyin ham mo‘jizalar ko‘rsatishda davom etdi. Loris ham a’lo darajada o‘yin ko‘rsatdi — 47-daqiqada fransuzlar posboni Bellingemning to‘sin ostiga yo‘naltirilgan zarbasini qiyinchilik bilan to‘sdi.

Ammo inglizlarning goli o‘yindan bo‘lmadi. Hamma joyda hozir-u nozir Sakani jarima maydoni ichkarisida yiqitishdi, bu safar Sampayo ikkilanmasdan 11 metrlik nuqtani ko‘rsatdi. Keyn o‘zining «Tottenhem»dagi ko‘p yillik jamoadoshini dog‘da qoldirish uchun uzoq o‘ylandi, ammo to‘g‘ri qaror qildi: uning kuchli zarbasi bilan hisob tenglashdi.

Keynning penaltidan xato zarbasi

Angliyaning goli Mbappega ta’sir ko‘rsatdi: u keyingi hujumda chap qanotda tezlik olib, Uokerni ortda qoldirdi va jarima maydoni markaziga ajoyib pas uzatdi, ammo ish zarbaga qadar yetib bormadi. Gol ikkinchi tomonning o‘yinini ham ochdi: britanlar faollik bilan oldinga tashlanishdi va hisobda oldinga chiqib olishlari ham mumkin edi, ammo Maguayrning 70-daqiqada bosh bilan bergan zarbasi ustunga tegib maydondan chiqib ketdi.

Golni esa Fransiya urdi. Avvaliga Pikford Jiruning xavfli zarbasini qoyilmaqom seyv bilan yo‘qqa chiqardi, ammo keyingi hujumdayoq Olive shu kabi vaziyatda Grizmanning pasini golga aylantirib, amaldagi jahon chempionlarini yana oldinga boshladi.

Sautgeyt darhol Sterling va Mauntni maydonga tashladi. Dastlabki o‘yinlardagi harakatlari bilan tanqidga uchragan «Chelsi» yarimhimoyachisi o‘yinga yaxshi qo‘shildi va hal qiluvchi vaziyatda ishtirok etdi. Teo uni jarima maydonida yiqitdi, Sampayo videotakrorni ko‘rib keldi va nuqtani ko‘rsatdi. To‘pga yana Keyn yaqinlashdi va Lorisni dog‘da qoldirish uchun yana uzoq o‘ylandi. Bu safar ortiqcha o‘ylab yubordi: uning zarbasi to‘sin yuqorisidan o‘tib tribunalar sari ketdi. Bu vaziyatda ko‘pchilik tarixda qolgan Runining 2006 yilgi mundialdagi chetlatilishi yoki Sautgeytning Yevro-1996 turniridagi xato penaltisini yodga oldi.

Ammo Angliyada hali muvozanatni tiklash uchun yetarlicha vaqt bor edi. Britanlar murabbiylar shtabi futbolchi almashtirishlar bilan o‘yinni tetiklashtirishga urindi, Fransiya esa shunchaki kutdi — Desham butun o‘yin davomida atigi bir o‘zgarish amalga oshirdi. «Uchranglilar» xotirjamlik bilan himoyalanishdi, imkon tug‘ilishi bilan qarshi hujumlarga chiqishdi, ammo 100-daqiqada gol o‘tkazib yuborishlari ham mumkin edi. Reshford xavfli nuqtadan jarima zarbasi ijro etdi, ammo to‘p darvoza sohasiga aniq bormadi, ko‘p o‘tmay hakamning o‘yin yakunlangani haqidagi hushtagi chalindi. Inglizlar to‘p nazorati bo‘yicha ham, xavfli vaziyatlar va zarbalar bo‘yicha ham (14:9, 6:5) yaqqol ustunlikka ega bo‘la turib, turnirni tark etdi.

Fransiya titulni himoya qilishda davom etadi (bunga qadar amaldagi jahon chempionlari keyingi jahon chempionatida yarimfinalga qadar yetib kelishi so‘nggi bor 1998 yilda kuzatilgandi, o‘shanda 1994 yilgi chempionlar bo‘lgan brazillar finalga chiqib, Fransiyaga yutqazishgan) va yarimfinalda Marokash bilan uchrashadi. Angliya esa yana yirik turnirni dramatik tarzda tark etdi — ular boshqacha keta olmaydi.

Mavzuga oid