10:47 / 13.12.2022
5476

AQSh gipertovushli raketa prototipini muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazdi

AQSh harbiy-havo kuchlari AGM-183A gipertovushli raketasining to‘laqonli prototipini birinchi marta uchirdi. Ilgari uning tezlatgichining ishlashi sinovdan o‘tkazilgandi. Qurol yaxshi himoyalangan yerdagi nishonlarni yo‘q qilish uchun mo‘ljallangan.

Foto: bssnews

AQSh harbiy-havo kuchlari 12 dekabr, dushanba kuni AGM-183A ARRW (Air-Launched Rapid Response Weapon) gipertovushli raketasining to‘laqonli prototipi birinchi sinovlarini e’lon qildi. Boeing B-52H Stratofortress strategik bombardimonchi samolyoti Kaliforniya janubiy qirg‘oqlari yaqinida snaryadni uchirdi. Raketa tovush tezligidan besh baravar yuqori tezlikka erishdi, rejalashtirilgan trayektoriya bo‘ylab parvoz qildi va belgilab qo‘yilgan nuqtada portladi.  

Birinchi marta AGM-183A barcha funksional qismlari bilan yaxlit holda sinovdan o‘tkazildi. Oldingi uchirishlar paytida uning tezlatgichi va gipertovushli qurollarning boshqa komponentlari ishlashi sinovdan o‘tkazilgandi. Raketani loyihalash boshlanganidan uning muvaffaqiyatli to‘liq sinovdan o‘tkazilguniga qadar besh yil o‘tdi, dedi AQSh harbiy-havo kuchlari qurol-yarog‘ dasturi ijrochi direktori, brigada generali Jyeyson Bartolomei.

AQSh harbiy-havo kuchlari ARRW kabi aniq boshqariladigan qurollar ularning jangovar imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytirishini kutmoqda. Bunday raketalarning tezligi va harakatlanish qobiliyati ularni havo hujumidan mudofaa tizimlari tomonidan tutib olishni qiyinlashtiradi, bu ularga yaxshi himoyalangan yerdagi nishonlarni yanada samaraliroq urish imkonini berishi kerak. 

Mart oyida AQSh rasmiylari, CNN ma’lumotlariga ko‘ra. Ukraina hududidagi jangovar harakatlar jarayonida Rossiya tomonidan gipertovushli raketalardan foydalanilganini e’lon qildi. Avgust oyida Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu «Rossiya 1» telekanaliga bergan intervyusida Rossiya Ukrainada «Kinjal» gipertovushli raketasini uch marta qo‘llaganini, u «o‘zining ajoyib ishlashini ko‘rsatganini» tasdiqlagan edi. 

2021 yilda Amerika ommaviy axborot vositalari hukumat doiralaridagi manbalarga tayanib, Xitoy yadro zaryadini olib yurishga qodir gipertovushli qurolni sinovdan o‘tkazayotgani haqida xabar bergan edi. Biroq Xitoy Tashqi ishlar vazirligi 2021 yil oktyabr oyida bunday xabarlarni rad etib, kosmik kema sinovdan o‘tkazilayotganini bildirdi. 

Mavzuga oid
Top