Jahon | 17:11 / 14.12.2022
3348
3 daqiqa o‘qiladi

Yevroparlament Saxarov mukofotini Ukraina xalqiga topshirdi

Foto: AP

Ukraina xalqi o‘z mamlakatining suverenitetini himoya qilyapti, shuningdek, erkinlik, demokratiya, qonun ustuvorligi va Yevropa qadriyatlari uchun kurashyapti, deya qayd etdi Yevroparlament. Zelenskiy marosimda video-aloqa orqali nutq so‘zladi.

Yevroparlament «Fikr erkinligi uchun» Andrey Saxarov nomidagi mukofotni topshirdi, 2022 yilda Ukraina xalqi uning laureatiga aylandi. 14 dekabr, chorshanba kuni Strasburgdagi tantanali marosimda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy videomurojaat bilan chiqdi. Ishtirokchilar Rossiya tomonidan Ukrainaga qarshi boshlangan urushda halok bo‘lgan ukrainaliklar xotirasiga bir daqiqalik sukut saqladi.

Mukofotning pul qismi 50 ming yevro bo‘lib, u Ukraina xalqiga, Volodimir Zelenskiy va uning boshqa saylangan vakillari, shuningdek, fuqarolik jamiyati vakillariga topshirildi. 

2022 yilgi Saxarov mukofoti laureatini Yevroparlament oktabr oyida e’lon qildi. Rais Robert Metsola va barcha fraksiyalar rahbarlarini o‘z ichiga olgan Yevropa parlamenti prezidiumi «Ukraina xalqining insoniy qurbonlar va vayron qilingan shahar va qishloqlar ko‘rinishidagi aqlbovar qilmaydigan yo‘qotishlarini» va vatan himoyasi, suverenitet, mustaqillik, hududiy yaxlitlik, shuningdek, erkinlik, demokratiya, qonun ustuvorligi va Yevropa qadriyatlari uchun kurashini ta’kidladi. Bundan tashqari, Strasburgda Ukraina prezidenti va davlat muassasalarining jasorati, qat’iyatliligi va o‘z xalqiga sadoqati e’lon qilindi.

«Ushbu mukofot - jang qilayotgan ukrainaliklar uchun. Qochishga majbur bo‘lganlar uchun. Yaqinlarini yo‘qotganlar uchun. O‘z ishongan narsasi uchun kurashayotgan har bir kishi uchun. Bilaman, Ukrainaning jasur xalqi taslim bo‘lmaydi va biz ham shunday qilamiz», - dedi Roberta Metsola. «Rossiyaning Ukrainaga qarshi asossiz tajovuzkor urushi ukrain xalqiga juda katta xarajatlarni keltirib chiqarmoqda. Ular (ukrainlar) Yevropa qadriyatlari, bizning demokratiyamizga putur yetkazishga, ittifoqimizni zaiflashtirishga va bo‘lishga intilayotgan shafqatsiz tuzumga qarshi nafaqat o‘z uylari, suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini himoya qilish uchun kurashyapti, balki erkinlik, demokratiya, qonun ustuvorligi va davlatni himoya qilyapti», - deya qo‘shimcha qildi Yevroparlament rahbari. 

«Fikr erkinligi uchun» mukofoti sovet fizigi va huquq himoyachisi Andrey Saxarov nomi bilan atalgan bo‘lib, Yevropa parlamenti tomonidan 1988 yilda ta’sis etilgan hamda inson huquqlari va asosiy erkinliklarini himoya qilishda o‘zini ko‘rsatgan insonlar yoki jamoat tashkilotlariga beriladi. Mukofot miqdori 50 ming yevroni tashkil qiladi. 2021 yilda qamoqdagi rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniy, bir yil avval Belarus muxolifati, 2018 yilda esa o‘sha paytda Rossiyada qamoqda saqlangan ukrainalik rejissyor Oleg Sensov mukofotga sazovor bo‘ldi. 

Mavzuga oid