Jamiyat | 12:42 / 18.12.2022
28606
2 daqiqa o‘qiladi

Oramizdagi odamlar: 74 yoshda arava tortib, tirikchilik qilayotgan otaxon

“Uyda o‘tirolmayman, bekorchilik yoqmaydi, ishlagim kelaveradi. Bozordan qaytib borgandan keyin qo‘ylarimga qarayman, hamma ishlarimni tugatib, keyin uxlayman”, deydi Toshkentning Chorsu bozorida aravashlik qilayotgan 74 yoshli Akrom ota.

Akrom ota farzandlarini shu kasbi orqasidan uyli-joyli qilgan. Hozirda nevaralari va ayoli bilan yashaydi.

Qahramonimiz keksayib borayotganiga qaramay ishga chiqayotganining sababini “uyda o‘tirolmayman, bekorchilik yoqmaydi, ishlagim kelaveradi, ishlamasam, o‘tirib qolaman”, deb izohlaydi.

“Yoshim kattaligini ko‘rib, ba’zilarning ichi achiydi, yukini yoshlarga beradi. Bundan xursand bo‘laman, baribiram e’tibor yaxshi.

660 ming so‘m pensiya olaman, uy to‘lovlariga ketadi u, qolgani ro‘zg‘orga. Uyga bozorlik qilsam, 80–100 ming so‘m xarajat qilaman. Non, “kola” olib boraman, ikkita nevaram “kola” olib bormasam meni urishadi, janjal qiladi”, deydi Akrom ota.

Suhbatdoshimiz kuniga 50–60 ming, dam olish kunlari bundan ham ko‘proq pul topishini aytib, kulib qo‘yadi.

“Pensiyam 660 ming, ayolim ham 500 ming atrofida oladi, ularni uy to‘lovlari: suv, gaz, svetga to‘laymiz, ortganini ro‘zg‘orga ishlatamiz”, deydi otaxon.

Mavzuga oid