Fan-texnika | 23:40 / 19.12.2022
115900
4 daqiqa o‘qiladi

Odam yetishtirish fermasi loyihasi – olimlar qo‘rqinchi videoni taqdim etdi 

Yangi konseptual video homiladorlik va tug‘uruqning kelajagi haqidagi bahslarni kuchaytirishga qaratilgan. Ferma ona bachadoniga taqlid qiluvchi shaffof kapsulalar bilan jihozlangan va sun’iy bachadonda chaqaloqlarni o‘stiradi. U bepushtlikdan aziyat chekayotgan odamlarga genetik jihatdan o‘ziniki bo‘lgan bolani dunyoga keltirishda yordam berishni maqsad qilgan. 

Foto: Hashem Al-Ghaili / SWNS

Yamanlik molekulyar biotexnolog Hoshim Al-G‘oyliy ayol bachadonini takrorlaydigan yuzlab shaffof sun’iy bachadonlardan iborat inson fermalarining konseptual videosini taqdim etdi. 

Unda EctoLife tibbiyot kompaniyasi tomonidan homilani sun’iy o‘stirish uchun mo‘ljallangan qurilma loyihasi taklif etiladi. Tug‘ilish jarayoniga yordam ko‘rsatishni maqsad qilgan kompaniya sun’iy bachadonlarda yiliga 30 mingtagacha chaqaloqni yetishtirishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Bu dunyoning ko‘plab davlatlarida avj olayotgan tug‘ilish darajasining pasayib borayotgani muammosini hal qilishi mumkin. 

Yangi konsepsiya videosi tomoshabinlarni EctoLife sun’iy bachadonlar kompleksi bo‘ylab ekskursiyaga olib boradi, u yerda yuzlab homilalar shaffof, haroratni nazorat qiluvchi kapsulalarda saqlanadi va kindik orqali kislorod, ozuqa moddalari bilan ta’minlanadi. Hozircha bu jarayon loyihalash bosqichida. 

Olimning so‘zlariga ko‘ra, bunday texnologiyalar bachadoni olib tashlangan ayollarga farzandli bo‘lish, erta tug‘ilish miqdorini kamaytirish, aholi sonining qisqarib borishi bilan kurashish imkonini beradi. Qayd etilishicha, jarayonda ekstrakorporal urug‘lantirish usulidan foydalaniladi, bu ota-onalarga eng yashovchan va genetik jihatdan ustun embrionni tanlash imkonini beradi. 

«Bundan tashqari, embrion turli xususiyatlarni o‘zgartirish, jumladan, irsiy kasalliklarni yo‘q qilish uchun genetik jihatdan modifikatsiya qilinishi mumkin. Texnologiya dunyo olimlarining 50 yillik ilmiy tadqiqotlariga asoslanadi. Bunday tug‘uruq kapsulalari atigi bir necha o‘n yildan keyin amaliyotda keng qo‘llanishi mumkin», deydi Al-G‘oyliy. 

Videoda 75 ta laboratoriya ko‘rsatilgan, ularning har birida 400 ta tug‘uruq kapsulasi joylashadi, ular bachadondagi real sharoitlarni takrorlash uchun mo‘ljallangan. Shuningdek, kapsula bolaning hayotiy ko‘rsatkichlarini kuzatuvchi sensorlarga ega. Bunga yurak urish tezligi, tana harorati va qonning kislorod bilan to‘yinganlik darajasi kiradi. 

Kapsula, shuningdek, homilada yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan genetik og‘ish holatlarini doimiy ravishda tekshirib turuvchi va o‘sish jarayonini kuzatib turuvchi sun’iy intellekt bilan jihozlangan. 

Ota-onalarga kapsuladagi chaqaloqning holati bo‘yicha videotasvirlarni namoyish etuvchi, shuningdek, muhim hayotiy ko‘rsatkichlarini yetkazuvchi mobil ilova taqdim etiladi. Shuningdek, ota-onalar sun’iy bachadonga xabar jo‘natishi va chaqaloq uchun musiqa pleylistini tuzishi ham mumkin. 

Ferma avvalo tug‘ilish ko‘rsatkichlarini yaxshilashga mo‘ljallangani aytilgan bo‘lsa-da, og‘riqdan yoki tug‘uruqdan keyingi tiklanish davridan qo‘rqadigan ayollar uchun ham mo‘ljallangani qayd etilgan. Bundan tashqari, tug‘ilish kapsulalari bepushtlikdan aziyat chekayotgan juftliklar va mustaqil ravishda farzand ko‘rishga jur’at eta olmaydiganlar uchun muqobil variant bo‘lishi mumkin. 

«Tug‘uruqdagi og‘riq va mushaklarning qisqarishi bilan xayrlashing. EctoLife stressiz tug‘ilishga yordam beradigan xavfsiz, og‘riqsiz alternativani taklif qiladi», deyiladi videoda. 

Chaqaloq dunyoga kelishi uchun ota-ona kapsula tugmachasini bosadi, amniotik suyuqlik tashqariga oqib chiqadi va sun’iy bachadon ochiladi, bu esa ota-onaga birinchi marta chaqaloqni qo‘lga olish imkonini beradi. 

2020 yil hisob-kitoblariga ko‘ra, dunyoda bir ayol o‘rtacha 2,5 farzandli bo‘lgan, 50 yil oldin bu ko‘rsatkich 5 ga teng edi. AQSh (1,77) va Buyuk Britaniyada (1,74) bu ko‘rsatkichlar yanada past. Bu tendensiyalar ortida yuqori darajadagi ta’lim va kontratsepsiya, shuningdek, ishga chiquvchi ayollar soni ko‘payishi turadi. Odam yetishtiruvchi ferma bu muammoni hal qilishi mumkinligi aytilmoqda.

Mavzuga oid