Jahon | 11:32 / 21.12.2022
6649
3 daqiqa o‘qiladi

Kongress qo‘mitasi Trampning soliq deklaratsiyalarini e’lon qilishga ruxsat berdi

Ko‘p yillik sud jarayonlaridan so‘ng Trampning soliq deklaratsiyasini olgan AQSh Kongressi qo‘mitasi ularni e’lon qilishga ovoz berdi. 

Foto: Getty Images

21 dekabr, chorshanba kuni CNN telekanalining xabar berishicha, hozirda demokratlar boshchiligidagi Vakillar palatasining Daromadlar va xarajatlar qo‘mitasi sobiq prezident Donald Trampning 2015 yildan 2021 yilgacha bo‘lgan davr uchun qisman tahrirlangan soliq deklaratsiyasini e’lon qilishga ovoz berdi

Qo‘mita raisi, demokrat Richard Nilning aytishicha, hujjatlar shaxsiy ma’lumotlar tahrirlanganidan keyin bir necha kun ichida ommaga e’lon qilinadi. 

Avvalroq qonun chiqaruvchilar bu materiallarni AQSh Moliya vazirligidan olgan. Trampning advokatlari demokrat kongressmenlarning deklaratsiyalarni olish haqidagi so‘rovi noqonuniy ekanligini va faqat «siyosiy foyda» olish istagidan kelib chiqqanligini ta’kidlab, Oliy sudda deklaratsiyalarning e’lon qilinishiga e’tiroz bildirishga harakat qilishdi. Noyabr oyida Oliy sud bu talabni qondirishdan bosh tortdi. 

Qo‘mitadagi respublikachilar bir ovozdan soliq deklaratsiyasining oshkor etilishiga qarshi chiqdi va bu shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish uchun xavfli jarayon yaratishini aytdi. Qo‘mitadagi asosiy respublikachi, Texas vakili Kevin Breydiga ko‘ra, Trampning soliq deklaratsiyasini e’lon qilish «xavfli yangi siyosiy qurol» bo‘lib, «hatto demokratlar ham bundan norozi bo‘ladi» va bu nafaqat Trampga ta’sir qiladi, balki «amerikaliklar uchun shaxsiy hayot bo‘yicha daxlsizlikning o‘n yillik jarayonini bekor qiladi».

Amerika matbuotiga ko‘ra, qo‘mitadagi demokratlar tezda harakat qilishga majbur bo‘ldi, chunki ikki hafta o‘tib Vakillar palatasi nazorati rasman respublikachilar qo‘liga o‘tadi. 

2016 yilgi prezidentlik saylovlarida nomzod bo‘lgan Tramp soliq deklaratsiyasini e’lon qilishdan bosh tortib, ko‘p yillik tartibni buzdi. 2018 va 2020 yillarda The New York Times hujjatlarga tayanib, Tramp 2001 yildan 2015 yilgacha bir sent ham daromad solig‘ini to‘lamaganini va 2016 va 2017 yillarda faqat ushbu modda bo‘yicha Moliya vazirligiga 750 yevrodan o‘tkazganini da’vo qilgan surishtiruvlarni e’lon qildi.

Tramp maqolani «mutlaqo feyk» deb atadi va «juda ko‘p» soliq to‘laganini aytdi. Noyabr oyida Tramp 2024 yilgi prezidentlik saylovlarida yana ishtirok etishini ma’lum qilgan edi. 

Mavzuga oid