O‘zbekiston | 18:10 / 26.12.2022
63468
2 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onada mashinasida qasddan oddiy askarni urib ketgan haydovchi qamoqqa olindi 

Haydovchi harbiy xizmatchi talabiga bo‘ysunmasdan, Cobalt mashinasida chegara postini buzib o‘tgan.

Foto: Videodan kadr

Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘onada Cobalt haydovchisi harbiy xizmatchini urib ketgani haqidagi videolavha tarqaldi. Farg‘ona viloyati prokuraturasi rasmiy bayonot berdi.

Ma’lum qilinishicha, I.M. Cobalt mashinasini boshqarib borib, Toshtepa ko‘chasida joylashgan harbiy qismga qarashli chegara qo‘riqlash postiga yaqinlashgan vaqtida postda xizmat olib borayotgan muddatli harbiy xizmatchi D.O‘.ning to‘xtash haqidagi ishorasiga bo‘ysunmasdan, o‘tib ketgan. Harbiy xizmatchi aloqa vositasi orqali o‘zidan 200 metr uzoqlikda xizmat vazifasini olib borayotgan oddiy askar A.T.ga Cobalt mashinasi uning qonuniy talabiga bo‘ysunmasdan chegara postini buzib o‘tgani haqida xabar bergan.

Oddiy askar A.T. esa mashinani to‘xtatish uchun unga to‘xtash ishorasini bergan vaqtida haydovchi I.M. unga qarab harakatlanib borib, mashinaning old qismi bilan qasddan urib yuborib, hodisa joyidan qochib yashiringan. Oddiy askar olgan tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 219-moddasi (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va haydovchiga nisbatan “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Руслан Сабуров
Tayyorlagan Руслан Сабуров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid