Iqtisodiyot | 16:02 / 26.12.2022
59855
8 daqiqa o‘qiladi

Nega davlatlar oltin sotib olishga zo‘r bermoqda?

«Rasmiy Moskva bilan an’anaviy ravishda savdo qiladigan mamlakatlar 2022 yilda oltin sotib olishni keskin ko‘paytirishdi», deb yozmoqda The Economist. Xususan, Qozog‘iston oltin sotib olishni ikki barobarga oshirgan bo‘lsa, O‘zbekiston zaxira aktivlarining 2/3 qismini oltin tashkil qilmoqda. Bu nima bilan bog‘liq?

Foto: Akio Kon / Bloomberg

Oltin asrlar davomida mamlakatlar moliyaviy zaxiralarining muhim tarkibiy qismi bo‘lib kelgan va ayni paytda ham uning jozibadorligi pasayayotgani yo‘q. Shu bilan bir qatorda, joriy yilga kelib Markaziy banklar tomonidan oltin xarid qilish avvalgi yillarga nisbatan sezilarli darajada oshdi.

Bu kulrang operatsiyalar bilan bog‘liqmi?

2022 yilda Markaziy banklar oltin sotib olishni sezilarli darajada oshirdi. The Economist’ning yozishicha, birgina III chorakning o‘zida zaxiralar 400 tonna qimmatbaho metall bilan to‘ldirilib, joriy yilda xarid qilingan oltin miqdori 670 tonnaga yetgan. Bu 1968 yilda London qimmatbaho metallar bozori qulaganidan keyingi rekord ko‘rsatkichdir, o‘shanda birjada talab taklifdan ancha oshib ketgan va bu oltin tanqisligiga olib kelgan.

Xususan, may oyida Turkiya o‘z zaxiralarini bir vaqtning o‘zida 20 tonna oltin bilan to‘ldirgan. Hindiston va Qatar ham qimmatbaho metalni jadallik bilan sotib olishni davom ettirgan. Qozog‘iston oltin sotib olishning o‘sish sur’atini ikki baravar oshirdi. Avvalroq, O‘zbekiston Markaziy banki zaxira aktivlari tarkibidagi oltin ulushini 50 foizgacha kamaytirishni rejalashtirgan bo‘lsa-da, ayni paytda valuta zaxiralarining 2/3 qismidan ko‘prog‘i oltinga to‘g‘ri keladi. 

2022 yilning 9 oyida eng ko‘p oltin sotib olgan mamlakatlar

«Oltin Rossiyaga qarshi qo‘llanayotgan G‘arb sanksiyalarini chetlab o‘tish imkoniyatini berishi mumkin. Rasmiy Moskvaning zaxiralari mart oyidan beri muzlatilgan va banklari asosan dollarga ixtisoslashgan xalqaro to‘lov tizimidan uzilgan. Deyarli hech bir markaziy bank rublni valuta zaxirasi sifatida saqlamayapti. Oltin xalqaro to‘lov tizimidan uzilgan rus kontragentlari bilan operatsiyalarda to‘lov vositasi sifatida ishlatilishi mumkin. Turkiyadan Turkmanistongacha bo‘lgan Kreml bilan an’anaviy ravishda savdo qiladigan mamlakatlar oltinning asosiy xaridori bo‘ldi», – deb yozadi The Economist.

Markaziy banklar nima uchun oltin sotib olishni ko‘paytirishdi?

Birinchidan, Markaziy banklar uchun oltinning asosiy rollaridan biri o‘z zaxirasini diversifikatsiya qilishdir. Juda ko‘p holatlarda oltin AQSh dollari bilan teskari munosabatda bo‘ladi. Ya’ni dollar qiymati pasayganda, oltin odatda ko‘tariladi, bu markaziy banklarga bozor o‘zgaruvchanligi davrida o‘z zaxiralarini himoya qilish imkonini beradi. Joriy yilda xalqaro geosiyosiy jarayonlardagi keskinlik oshishi va jahon iqtisodiyotidagi retsessiya xavfi oltin xarid qilish hajmi oshishiga ta’sir o‘tkazgan bo‘lishi mumkin. Agar asosiy aktivlardan biri zaiflashsa, boshqasi kuchli bo‘lib qolishi kerak. Zaxiralarini oltin bilan diversifikatsiya qilish orqali markaziy banklar notinch vaqtlarda o‘z mamlakatlarining iqtisodiy institutlarini qo‘llab-quvvatlashga yaxshiroq tayyor bo‘lishadi.

Ikkinchidan, oltinga inflatsiyaning samarali himoyachisi sifatida qaraladi. Barqarorlik davrlarida oltin rentabellik keltirmagani sababli investorlar orasida talabga ega bo‘lmaydi. Beqarorlik davrlarida esa ushbu qimmatbaho metall o‘zgaruvchanlik va yuqori inflatsiya fonida jozibador bo‘lib qoladi va uzoq muddatli istiqbolda mamlakat iqtisodiyotiga bog‘lanmagan qiymat ombori sifatida ko‘riladi. Shu jihatdan ham, inqiroz davrida markaziy banklar dollar, yuan, yevro yoki iyena kabi xorijiy valutalarni emas, balki oltin sotib olishni afzal ko‘radi.

Uchinchidan, davlat qarzlarining global o‘sishi yoki inflatsiya bilan bog‘liq xavotirlar oltinning milliy strategiyadagi xavfsiz aktiv sifatidagi ahamiyatini yanada oshirmoqda. Oltin milliy valutaga nisbatan barqaror aktiv sifatida tavsiflanadi.

Eng ko‘p oltin zaxirasiga ega davlatlar

2022 yilning III chorak yakunlari bo‘yicha keltirilgan ma’lumotlariga ko‘ra, oltin zaxiralari hajmi bo‘yicha kuchli o‘nlikka kirgan davlatlar ro‘yxati quyidagicha:

1. AQSh - 8 ming 133 tonna (mamlakat umumiy oltin-valuta zaxiralarining 79 foizini oltin tashkil etadi);

2. Germaniya - 3 ming 355 tonna (74,5 foiz);

3. Italiya - 2 ming 452 tonna (69,3 foiz);

4. Fransiya - 2 ming 437 tonna (64,5 foiz);

5. Rossiya - 2 ming 229 tonna (22 foiz);

6. Xitoy, 1 ming 842 tonna (3,3 foiz);

7. Shveytsariya, 1 ming 40 tonna (5,4 foiz);

8. Yaponiya, 846 tonna (3,1 foiz);

9. Hindiston, 785 tonna (6,5 foiz);

10. Niderlandiya, 612 tonna (67,4 foiz).

Oltin-valuta zaxiralari nima uchun kerak?

Har bir mamlakatning oltin-valuta zaxiralari o‘ziga xos sug‘urtadir. U davlatning milliy iqtisodiyotini ehtimoliy makroiqtisodiy xatarlardan himoya qiladi. Shu bois, oltin-valuta zaxiralari qator talablarga javob berishi lozim. Masalan, undan har qanday sohada foydalanish imkoniyati bo‘lishi kerak. Oltin-valuta zaxiralari oson joylashtirilishi va oson olinishi darkor.

Mamlakatlarning oltin-valuta zaxiralaridan quyidagi maqsadlarda foydalanilishi mumkin:

  • to‘lov va savdo balansidagi defitsitni bartaraf etish uchun;
  • inflatsiyani ushlab turish, milliy valutani moliya bozorida qo‘llab-quvvatlash uchun valuta sotib olish uchun;
  • davlatning tashqi qarzlarini to‘lash uchun;
  • davlatlar o‘rtasidagi hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun.

Oltin-valuta zaxiralari asosan qimmatbaho metallardan (quyma oltin, tanga, platina, palladiy, kumush), davlatlararo miqyosda zaxira valutasi sifatida tan olingan xorijiy pul vositalaridan (AQSh dollari, yevro, shveysar franki, yapon iyenasi, funt-sterling) va Xalqaro valuta jamg‘armasi chiqaradigan naqdsiz pul birliklaridan tashkil topadi.

Davlatning oltin-valuta zaxiralari miqdori uning iqtisodiyoti va moliyaviy tizimi holatidan darak beradi, davlatlararo majburiyatlar bo‘yicha to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirishini kafolatlaydi. Xalqaro tashkilotlar tavsiyalariga ko‘ra, rivojlanayotgan davlatlar uchun zaxiralar kamida 3 oylik importni qoplashi kerak.

O‘zbekiston Markaziy bankining 2022 yildagi oltin-valuta siyosati

2022 yilning 1 dekabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari 33,44 mlrd dollarni tashkil qilgan.  Taqqoslash uchun, bu ko‘rsatkich joriy yilning 1 yanvar holatiga ko‘ra, 35,13 mlrd dollarni tashkil qilgan.

O‘tgan davr mobaynida oltinning fizik hajmi 11,6 mln troya unsiyadan 12,8 mln troya unsiyagacha ko‘paydi. Qiymati esa 20,94 mlrd dollardan 22,46 mlrd dollargacha oshdi. Jahon bozorida oltin narxlari pasayishi fonida O‘zbekiston Markaziy banki mart-oktabr oylari davomida oltin eksportini amalga oshirmadi. Bu esa zaxira aktivlarida oltinning fizik hajmi yil boshiga nisbatan sezilarli darajada, taxminan 37 tonnaga oshishiga olib kelgan bo‘lsa-da, qimmatbaho metall narxlari yil davomida beqaror ravishda shakllandi.

«O‘zbekiston Respublikasi yalpi xalqaro zaxiralari 2022 yil boshidan 1,7 mlrd dollarga yoki 4,83 foizga kamaydi. Bunda oltin narxi yil boshidagi 1799,25 dollardan 1759,65 dollargacha pasayishining ta’siri 0,51 mlrd dollarni tashkil qildi», – deyiladi Markaziy bank izohida.

Shuningdek, 11 oy davomida zaxira aktivlari tarkibidagi xorijiy valuta zaxiralari 13,07 mlrd dollardan 9,93 mlrd dollargacha pasaydi. Valutadagi zaxiralarning keskin darajada kamayishiga, asosan, importning oshishi va dollar mustahkamlanishi kabi omillar ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin. 

Doston Ahrorov tayyorladi.

Mavzuga oid