20:36 / 27.12.2022
25144

Pashinyan Putinga: «Rossiya harbiylari Lochin koridori ustidan nazoratni yo‘qotgan»

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyaning aytishicha, rossiyalik «tinchlikparvar kuchlar» Qorabog‘dagi Lochin koridori ustidan nazoratni yo‘qotgan. Pashinyan bu haqda MDH davlat rahbarlari sammitida Rossiya prezidenti Putinga ma’lum qilgan.

Foto: RIA Novosti

«Hozir asosiy masala Lochin koridoridagi inqiroz bo‘lib turibdi. Bilasiz, u 20 kundan beri yopiq turibdi», dedi Pashinyan Putinga murojaat qilar ekan bu yerlar Rossiya «tinchlikparvar kuchlari» nazoratida bo‘lishi kerakligiga urg‘u berib.

«Kelishuvga ko‘ra, Lochin koridori rossiyalik tinchlikparvar kuchlar nazoratida bo‘lishi kerak. Ozarboyjon tomoni koridordan yo‘lovchilar va yuklar o‘tishiga qarshilik qilmasligi lozim edi. Hozir esa Lochin koridori Rossiya harbiylari nazoratida emas ekan, bu masalani muhokama qilgan bo‘lardim», dedi Armaniston bosh vaziri Rossiya prezidentiga murojaat qilar ekan.

12 dekabr kuni Lochin koridori ozarboyjonliklar tomonidan bloklangan. Yo‘lni yopganlar o‘zini ekofaol deb atab, Qorabog‘dagi oltin konlariga ozarboyjonlik mutaxassislar kirishini talab qilgan. Ozarboyjonda Qorabog‘da yashirincha oltin qazib olib keyin Armanistonga olib ketishadi deb hisoblashadi.

Avvalroq rasmiy Boku rossiyalik «tinchlikparvar kuchlar»ni «Ozarboyjon milliy boyliklarini talon-toroj qilishda» ayblagandi. Bunga javoban Rossiya tashqi ishlar vazirligi rus harbiylari o‘z vazifasini munosib bajarayotganini ma’lum qilgan.

Mavzuga oid
Top