Jahon | 11:24 / 27.12.2022
6941
4 daqiqa o‘qiladi

Yevropa Ittifoqida boshpana so‘rab murojaat qilganlar soni keskin oshdi

2022 yilning 10 oyi davomida Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida boshpana so‘rab murojaat qilish uchun deyarli 800 ming ariza topshirilgan va urushdan qochgan 4,7 million ukrainalik ro‘yxatga olingan.

Foto: UNIAN

Bu yil Yevropa Ittifoqida boshpana so‘rab murojaat qilganlar soni o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlardan sezilarli darajada oshib ketdi. Shunday qilib, yanvardan oktyabrgacha YeIda 790 mingta shunday ariza ro‘yxatga olingan, bu 2021 yilning shu davriga nisbatan 54 foizga ko‘pdir, dedi Yevropa Ittifoqining boshpana masalalari bo‘yicha agentligi (EUAA) ijrochi direktori Nina Gregori Funke nashriga bergan intervyusida. 

Taqqoslash uchun, 2015 va 2016 yillarda Yevropa Ittifoqi qochqinlar inqiroziga duch kelganida, har yili rasmiy boshpana so‘rab murojaat qilganlar soni 1,3 millionni tashkil etgan.

Ayni paytda, 2022 yilning o‘n oyida, Gregorining so‘zlariga ko‘ra, urushdan qochgan 4,7 million ukrainalik Yevropa Ittifoqida vaqtinchalik himoya maqomiga ega bo‘lgan. YeIda byurokratik tartib-qoidalarni soddalashtirish maqsadida ushbu toifadagi shaxslar Yevropa Ittifoqiga kirishda boshpana so‘rab rasmiy ariza topshirishlari shart emasligi haqida qaror qabul qilindi.

«Joriy va o‘tgan yilgi geosiyosiy vaziyatning rivojlanishi xalqaro himoyaga bo‘lgan ehtiyoj darajasiga bevosita ta’sir ko‘rsatdi va Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga ko‘chib ketish hollari sonining ko‘payishiga olib keldi», deb ta’kidladi EUAA rahbari. U so‘nggi oylarda bu ayniqsa sezilarli bo‘lganini aytdi.

Gregorining so‘zlariga ko‘ra, 2022 yilda uning agentligi uchun eng katta qiyinchilik Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishiga javob bo‘lgan. Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarning boshpana izlovchilarni qabul qilish tizimlari «katta bosim» ostida qoldi, ammo vaqtinchalik himoya qoidalarining kuchga kirishi qochqinlar qabul qilish milliy tizimlarini qulashdan saqlab qoldi, deya qo‘shimcha qildi u.

Germaniyadagi vaziyat butun Yevropa Ittifoqidagi vaziyatga o‘xshaydi. Migratsiya va qochqinlar bo‘yicha federal idora ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yil noyabr oyi oxiriga kelib Germaniyada birinchi marta boshpana so‘raganlarning 190 ming arizasi ro‘yxatga olingan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 43 foizga ko‘pdir.

Shu bilan birga, Germaniyada boshpana so‘rab murojaat qilish Yevropa Ittifoqining boshqa mamlakatlariga qaraganda ancha ko‘p. Shunday qilib, 2022 yilning birinchi uch choragida Germaniyada topshirilgan bunday arizalar soni butun Yevropa Ittifoqi bo‘yicha ushbu davr uchun boshpana so‘rab murojaat qilish umumiy sonining 22 foiziga to‘g‘ri keladi.

YeIda ro‘yxatga olingan boshpana so‘rovlari soni bo‘yicha ikkinchi o‘rinda – Fransiya, oxirgi o‘rinda – Vengriya. 2022 yilda eng ko‘p arizalar Suriya va Afg‘oniston fuqarolari tomonidan berilgan. Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi rasmiylari Turkiya fuqarolarining boshpana so‘rab murojaatlari soni rekord darajada oshganini qayd etmoqda.

Frontex tashqi chegaralarni himoya qilish bo‘yicha Yevropa agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilda Yevropa Ittifoqi chegaralarini noqonuniy kesib o‘tishlar soni o‘tgan yilga nisbatan 70 foizga oshgan. Shu bilan birga, eng ko‘p qochqinlar oqimi G‘arbiy Bolqon yo‘nalishida, shuningdek, sharqiy va markaziy O‘rta Yer dengizi orqali o‘tadigan yo‘nalishlarda qayd etilgan.

Shu fonda Nina Gregori, shuningdek, Yevrokomissiya vitse-prezidenti Margaritis Sxinas Yevropa Ittifoqining migratsiya siyosatini isloh qilishni tezroq amalga oshirishga chaqirmoqda, bu esa Yevropa Ittifoqining tashqi chegaralarini yanada ishonchli himoya qilishni, muvaffaqiyatga erishish imkoniyati bo‘lmagan boshpana izlovchilarni tezda chiqarib yuborishni hamda qochqinlarni Yevropa Ittifoqi ichida taqsimlashda birdamlikni kuchaytirishni nazarda tutadi. 

Mavzuga oid