Jahon | 11:32 / 30.12.2022
10896
2 daqiqa o‘qiladi

Bayden Kiyevga 45 mlrd dollarlik yordam to‘g‘risidagi budjet qonunini imzoladi

Jo Bayden tomonidan imzolangan AQSh budjeti to‘g‘risidagi qonunga ko‘ra, 2023 yil sentabrigacha Ukrainaga turli sohalarda yordam berish uchun jami 45 milliard dollar ajratiladi.

Jo Bayden / Foto: AFP

AQSh prezidenti Jo Bayden 29 dekabr, payshanba kuni Ukrainaga 45 milliard dollar miqdorida yordam ajratishni nazarda tutuvchi davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Bu miqdor Bayden dastlab Kongressdan so‘raganidan ko‘p, deya ta’kidlaydi dpa agentligi. AQShning umumiy budjeti 2023 yil sentabrgacha bo‘lgan davr uchun hisoblangan 1,7 trillion dollarni tashkil etadi. Shu bilan birga, ushbu mablag‘ning yarmi (taxminan 858 milliard dollar) mudofaa sohasini moliyalashtirish uchun mo‘ljallangan.

AQSh budjetida Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun ajratilgan 45 milliard dollarning 9 milliard dollari harbiy yordamga yo‘naltirilishi kerak. Yana 16 milliardi ruslar hujumiga uchragan mamlakatga iqtisodiy va gumanitar yordamni moliyalashtiradi.

12 milliard dollar AQSh armiyasi zaxiralarini Ukrainaga bir qismdagi o‘q-dorilar bilan berilganidan so‘ng ular o‘rnini to‘ldirish xarajatlarini qoplashi kerak. Vashington Yevropadagi AQSh qo‘shinlariga qo‘shimcha xarajatlar uchun yana 7 milliard dollar ajratadi.

21 dekabr kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy AQSh Kongressining har ikki palatasi oldida chiqish qilib, amerikalik qonun chiqaruvchilarni o‘z mamlakatiga qo‘shimcha yordam ko‘rsatishni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi. «Sizning pulingiz xayriya emas, balki global xavfsizlikka sarmoyadir, biz buni eng mas’uliyatli tarzda hal qilamiz», - deya ishontirgandi o‘sha paytda Ukraina rahbari.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid