Jahon | 18:49 / 30.12.2022
12572
2 daqiqa o‘qiladi

Putin Ukrainadagi muvaffaqiyatsizlik tufayli o‘zini elitasidan ajratib qo‘ydi - WP

Rossiya elitasi Ukrainadagi urush jarayonidan norozi, biroq Putin ularga maqbul yechim taklif qila olmayapti.

Foto: TASS

Ukrainaga qarshi 10 oylik urushdan so‘ng, Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘z hukmronligining 23 yilligini eng katta tashqi va ichki izolyatsiyada kutib oldi. Bu haqda The Washington Post yozdi.

Nashrning qayd etishicha, Ukrainaga qilingan hujum Rossiya va G‘arb o‘rtasida o‘nlab yillar davomida qurilgan iqtisodiy aloqalarni yo‘q qilgan. Mamlakat xalqaro maydonda quvg‘unga aylandi, Putinning o‘zi esa rus elitasidan ancha uzoqlashdi.

Nashrning Kremlga yaqin suhbatdoshlariga ko‘ra, bugun Putin «do‘stlaridan ayrilganini his qilmoqda». Rossiya elitasi ikkiga bo‘lindi - kimdir urushning tugashini xohlaydi, boshqalari esa keskinlikni kuchaytirish zarur deb hisoblaydi. Ammo har ikkalasi ham Rossiyaning urushdagi hozirgi taktikasidan norozi.

«Bu shaxs (Putin) elita nazarida savollarga javob berishga qodir emasdek tuyulyapti. Elita nimaga ishonishni bilmaydi va ertangi kun haqida o‘ylashdan qo‘rqadi», - dedi Tatyana Stanovaya, Karnegi xalqaro tinchlik jamg‘armasi ilmiy xodimi.

24 fevralda Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi bir vaqtning o‘zida bir necha yo‘nalishda amalga oshirildi. Tahlilchilarning fikricha, reja butun mamlakatni tezda va to‘liq egallash edi.

Biroq, blitskrig muvaffaqiyatsizlikka uchragach, rus qo‘shinlari Ukrainaning shimoli, sharqi va janubidagi bosib olingan hududlarning yarmidan chekinishga majbur bo‘lishdi. Hozir Rossiya raketa zarbasi taktikasiga o‘tgan va Ukraina aholisini elektr, issiqlik va suvsiz qoldirishga urinmoqda.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid