Jahon | 10:09 / 02.01.2023
8531
5 daqiqa o‘qiladi

Braziliyada prezident Lula da Silvaning inauguratsiyasi bo‘lib o‘tdi

Uchinchi marta prezident bo‘lgan Luis Inasio Lula da Silva saylovlarda g‘alaba qozonib, qasamyod qildi. Undan oldingi davlat rahbari Jair Bolsonaru Braziliyani tark etdi.

Luis Inasio Lula da Silva / Foto: EVARISTO SA

Braziliya poytaxtida 1 yanvar, yakshanba kuni mamlakatning saylangan prezidenti Luis Inatsiu Lula da Silvaning inauguratsiyasi bo‘lib o‘tdi. So‘l ishchilar partiyasidan saylangan va uchinchi marta prezident sifatida inauguratsiya qilgan siyosatchi Milliy kongress oldidan qasamyod qildi.

Prezident sifatidagi birinchi nutqida siyosatchi o‘zidan oldingi prezident Jair Bolsonaruni tanqid qildi. Da Silvaning so‘zlariga ko‘ra, sobiq rasmiylar ta’lim, sog‘liqni saqlash va Braziliya o‘rmonlarini muhofaza qilishga ajratilgan mablag‘lar qisqartirilgani uchun mas’ul. Da Silva ekologik kun tartibini, shuningdek, kichik va o‘rta biznesning ahvolini yaxshilashga va’da berdi.

Bu da Silva uchun uchinchi prezidentlik muddati va siyosatchining prezidentlik saylovlarida oltinchi marta ishtirok etishi - u 2003 yilda lavozimga kirishgan va 2006 yilda qayta saylangan. Lula uchinchi muddatga nomzodini qo‘ygani yo‘q – Braziliya qonunchiligiga ko‘ra, bir kishi ketma-ket ikki muddatdan ortiq davlat rahbari bo‘la olmaydi. 2017 yilda sobiq prezident korrupsiyada ayblanib, 9,5 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan, biroq u keyinroq ozod etilgandi, 2021 yilda esa Braziliya Federal oliy sudi siyosatchiga qo‘yilgan barcha ayblovlarni bekor qildi.

Da Silvaning inauguratsiyasida Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyer ishtirok etdi va u hamkasbini Berlin yangi davlat rahbarini «yomg‘ir o‘rmonlarini himoya qilish bo‘yicha ulkan rejalari»da qo‘llab-quvvatlashga tayyorligiga ishontirdi. 2 yanvar kuni Germaniya prezidenti Braziliyaning tropik o‘rmonlarga boy Amazonas shtatiga tashrif buyurmoqchi, u yerda Bolsonaru davrida o‘rmonlarning kesilishi va yong‘inlar sezilarli darajada oshgan.

Germaniya prezidentiga safarda atrof-muhitni muhofaza qilish vaziri Shteffi Lemke hamrohlik qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, da Silva yangi prezidentlik muddati bilan dunyo «Amazoniya va shu bilan iqlim falokatining oldini oladigan eng muhim joylardan birini saqlab qolish» imkoniyatiga ega bo‘ladi. Avvalroq Germaniya rivojlanayotgan mamlakatlarga global iqlim o‘zgarishi oqibatlariga qarshi kurashda yordam berishga va’da bergan edi.

Da Silvaning inauguratsiya marosimida Rossiya Federatsiyalar kengashi spikeri Valentina Matviyenko boshchiligidagi Rossiya delegatsiyasi ham ishtirok etdi. Uning ta’kidlashicha, u Braziliya prezidentiga rossiyalik hamkasbi Vladimir Putindan xabar yetkazgan va da Silva iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, ekologik va boshqa sohalarda Rossiya-Braziliya munosabatlarini tiklashga «tayyor va manfaatdor ekanligini tasdiqlagan».

Oktabr oyida bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarining ikkinchi bosqichida da Silva 50,9 foiz ovoz bilan g‘alaba qozondi, Jair Bolsonaru esa 49,1 foiz ovoz oldi. O‘zining o‘ng qanot qarashlari va COVID-19 pandemiyasi haqidagi shubhasi bilan tanilgan Bolsonaru saylovlardagi mag‘lubiyatni to‘g‘ridan to‘g‘ri tan olmadi va tarafdorlari tomonidan o‘tkazilgan saylovdan keyingi namoyishlar «g‘azab va adolatsizlik tuyg‘usi natijasi» ekanligini aytdi. 

Inauguratsiya qoidalariga ko‘ra, saylangan prezidentga o‘zidan oldingi prezident tomonidan maxsus tasma sovg‘a qilinishi kerak, biroq Bolsonaru bir necha kun avval Braziliyadan Floridaga uchib kelgani uchun marosimda qatnashmadi. Ketishdan oldin Bolsonaru ijtimoiy tarmoqlarda o‘z tarafdorlariga murojaat qilib, «janglar yutqazildi, ammo biz urushda yutqazmaymiz» deya murojaat qildi hamda ularni tartibsizliklarga yo‘l qo‘ymaslik va mamlakat konstitutsiyasini hurmat qilishga chaqirdi.

Da Silva qasamyod qilgan kuni Braziliya politsiyasi pichoq va portlovchi moslamasi bo‘lgan erkakni qo‘lga oldi – u esplanadaga kirishga uringan. Inauguratsiya Lulaga o‘zidan oldingi prezident tarafdorlari tomonidan yuborilgan tahdidlar tufayli kuchaytirilgan xavfsizlik choralari ostida o‘tkazildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid