O‘zbekiston | 08:40 / 04.01.2023
7443
2 daqiqa o‘qiladi

Angrenda Qamchiq dovoni yopilgani tufayli evakuatsiya shtabi tashkil etildi

Gidrometeorologiya xizmati markazi tomonidan berilgan ma’lumotga ko‘ra, 4 yanvar kuni soat 00:00 dan A-373 «Toshkent-O‘sh» xalqaro avtomobil yo‘lining 228-253-kilometrlari oralig‘ida qor ko‘chkisi xavfi e’lon qilindi.

Foto: Toshkent viloyati hokimligi

Shu sababli, 4 yanvar kuni soat 00:00 dan A-373 «Toshkent-O‘sh» xalqaro avtomobil yo‘lining Qamchiq dovoni avtomobillar harakati uchun vaqtincha yopildi.

Toshkent viloyati hokimligi xabariga ko‘ra, Angren shahar Ohangaron ko‘chasida joylashgan «Angren-Land» oshxonasida daxldor korxona va tashkilotlarning mas’ul va mutasaddilari jalb qilinib, fuqarolarni qabul qilish – evakuatsiya shtabi tashkil etildi.

Fuqarolar «Angren-Land», «Zamin-2», «Uchquduq» oshxonalariga, «Angren kon metallurgiya» texnikumi, «Fayz», «Shodiyor», «Elba» mehmonxonalariga vaqtincha qabul qilish uchun joylashtirildi.

Yuzaga kelgan vaziyat oqibatlarini bartaraf etish davomida jami 250 nafar fuqarolar 80 ta yuk va 150 ta yengil avtomobillarda mazkur maskanlarga joylashtirilgan.

«Toshkent-Vodiy» temiryo‘l stansiyasi orqali, «Ohangaron» stansiyasidan 19 nafar, «Angren» stansiyasidan 35 nafar hamda «Orzu» stansiyasidan 280 nafar jami 334 nafar fuqaro evakuatsiya qilindi.

Qamchiq dovoni vaqtincha yopilib qolgan vaqtda Qamchiq avtoyo‘l va Qamchiq FVBdan jami 113 ta maxsus texnika hamda 250 nafar shaxsiy tarkib xizmatga jalb etilgani aytiladi.

Mavzuga oid