O‘zbekiston | 12:00 / 05.01.2023
6917
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Ozarboyjon o‘zaro tovar ayirboshlashni 1 mlrd dollarga yetkazmoqchi 

Hukumat delegatsiyasining tashrifi doirasida Boku shahrida bo‘lgan O‘zbekiston bosh vaziri Jamshid Xo‘jayev Ozarboyjon bosh vaziri o‘rinbosari Shahin Mustafoyev bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Foto: Dunyo

Ikki mamlakatning asosiy vazirlik va idoralari rahbarlari ham ishtirok etgan uchrashuvda investitsiyaviy, savdo va sanoat kooperatsiyasi sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikning keng kun tartibi ko‘rib chiqildi.

Uchrashuvda savdo aloqalarining bugungi holati va rivojlanish istiqbollari ko‘rib chiqildi. Kelgusi 5 yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazishga o‘zaro tayyorlik bildirilib, bu borada bir qator aniq amaliy chora-tadbirlar kelishib olindi.

Ikki tomonlama munosabatlar istiqbolli yo‘nalishlari qatorida ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni kengaytirish ham muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi. Ishbilarmonlar kengashi navbatdagi yig‘ilishini hamda istiqbolli investitsiya loyihalari «road-shou»si bilan birga O‘zbekiston va Ozarboyjon hududlari 1-forumini 2023 yil boshida Toshkent shahrida tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Suhbat chog‘ida sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish, ya’ni qo‘shma ipakchilik va to‘qimachilik klasterlarini tashkil etish, mashinasozlik, kimyo, neft-kimyo va zargarlik sanoati, energetika, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish yuzasidan aniq amaliy chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Mavzuga oid