Jahon | 22:26 / 06.01.2023
17798
2 daqiqa o‘qiladi

Shahzoda Harri Afg‘onistonda 25 Tolibon jangarilarini o‘ldirganini tan oldi

Buyuk Britaniya qiroli oilasi vakili bundan afsuslanmasligini aytdi. 

Foto: Getty Images

Buyuk Britaniya qiroli Charlz III va malika Diana o‘g‘li, Sasseks gersogi, shahzoda Harri 2012-2013 yillarda Afg‘oniston janubiga xizmat safari chog‘ida «Tolibon»ning 25 a’zosini o‘ldirganini tan oldi. 

«Safarning birinchi kunidanoq shubhalar ostida uxlamaslikni maqsad qilib oldim: to‘g‘ri ish qildimmi yoki yo‘qmi, toliblarga qarata o‘q uzdimmi yoki tinch aholigami... Men a’zolarim butun holda Buyuk Britaniyaga qaytishni, lekin bundan ham muhimi – pok vijdonim bilan uyga qaytishni xohlardim», deb yozdi Harri o‘zining «Spare» («Zaxiradagi») nomli xotiralar kitobida. 

Shahzoda Apache harbiy vertolyotida jangovar harakatlarda qatnashib, toliblarni o‘qqa tutib o‘ldirganini aytdi. 

Yelizaveta II nabirasi 25 Tolibon jangarilarining o‘ldirilishi uni bezovta qilmayotganini, lekin «qoniqtirmasligini» ham tan oldi. U terrorchilarni «yovuz kuch», tarixdagi eng dahshatli jinoyatlardan biri uchun javobgar «insoniyat dushmanlari» deb hisoblashini aytdi. 

2006 yilda shahzoda Harri Sandhyorstdagi Qirollik harbiy akademiyasini tamomladi. 2008 yilda esa Afg‘onistonning Hilmand viloyatida 10 hafta davomida jang qildi. 2012 yil sentabridan 2013 yil yanvarigacha Afg‘onistondagi jangovar harakatlarda ham qatnashdi. Uning Qurolli kuchlar safida jang qilayotgani xavfsizlik nuqtai nazaridan sir saqlandi. 

Shahzoda Harri Buyuk Britaniya tojining vorisi hisoblanmaydi. 

Mavzuga oid