O‘zbekiston statistika portali – CIAT ishga tushdi
Statistika qo‘mitasining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, stat.uz’dan farqli tarzda portaldan foydalanish oson, tushunarli bo‘lib, tizim boshqa vazirlik, idoralar bilan integratsiya qilingan.
«Statistika» integrallashgan axborot tizimi (SIAT) yaratildi hamda uning negizida siat.stat.uz O‘zbekiston statistika portali ishga tushirildi, deb xabar bermoqda Statistika qo‘mitasi.
Xabar qilinishicha, portal rasmiy statistika ma’lumotlar yagona bazasini shakllantiradi, ma’lum bir davr bo‘yicha ma’lumotlarni elektron formatlarda olish imkoniyatini yaratadi.
Ma’lumotlarni qidirib topish vaqti 5-10 barobarga, alohida so‘rovlar asosidagi integratsiya qilish vaqti esa 10 kundan 1 kungacha qisqartirilgan.
«Bu xalqaro tashkilotlar, jumladan, Open Data Watch tashkiloti ekspertlari tomonidan ijobiy baholandi. Portalni ishlab chiqishda Yaponiya, Hindiston, Turkiya, Ozarboyjon, Rossiya, Belarus, Qozog‘iston va boshqa rivojlangan davlatlarning tajribasi o‘rganilgan», – deyiladi rasmiy xabarda.
Hozirda SIAT axborot tizimida 19 ta yo‘nalishda jami 1 700 dan ortiq rasmiy statistik ko‘rsatkichlar, 10 yillik dinamik qatorlarda, shuningdek, 30 yillik makroko‘rsatkichlar 5 yillik kesimda foydalanuvchilarga qulay va bepul shaklda yuklab olish uchun 3 xil (Excel, PDF va JPG) formatda hamda mustaqil ravishda integratsiya qilish uchun 3 xil (CSV, JSON va XML) formatda joylashtirilgan. Ma’lumotlar doimiy yangilanib boriladi.
Statistika portalidan o‘zbek, rus va ingliz tillarida foydalanish mumkin.
Portalda ma’lumotlarni interaktiv grafik, gistogramma va diagrammalar ko‘rinishida solishtirish, shuningdek, reyting shakllantirish va ko‘rsatkichlar o‘rtasidagi munosabatlarni belgilash modullari joriy etilgan.
«CDMX standarti asosida har bir statistik ko‘rsatkich bo‘yicha metama’lumotlarning tizimga joylashtirilganligi foydalanuvchilarga ko‘rsatkich birinchi bor e’lon qilingan, yangilangan sana, uning birlamchi manbasi, hisoblagan organ va uslubiyoti, mas’ul bo‘linma va xodim to‘g‘risida hamda shu kabi boshqa ma’lumotlarni olish imkonini beradi», – deyiladi rasmiy xabarda.
Stat.uz ham ishlashda davom etadimi?
Davlat statistika qo‘mitasining rasmiy statistik ma’lumotlarni e’lon qilib boruvchi stat.uz veb-sayti 2006 yilda ishga tushirilgan. 2019 yilda esa sayt yangi versiyada ishlay boshladi. Stat.uz veb-saytiga qo‘mita tomonidan tayyorlangan statistik ma’lumotlar, oylik, choraklik, yillik press-relizlar, dokladlar hamda statistik nashrlar, foto materiallar, videorolik va boshqa faoliyatga oid qiziqarli yangiliklar joylashtirib boriladi.
Qo‘mita matbuot xizmatining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, statistika portali ishga tushishi bilan stat.uz ham faoliyatini davom ettiradi. Endi har ikki manba rasmiy statistik ma’lumotlarni berib boradi.
«Yangi statistika portalida biz foydalanuvchilarga ma’lumotlarni tez va qulay olishini ko‘zladik. Stat.uz’da ma’lumotlar jadval tarzida berib borilsa, CIAT portali statistikalarni interaktiv grafik, gistogramma va diagrammalar ko‘rinishida solishtirish imkonini beradi», dedi qo‘mita matbuot xizmati rahbari Usmon Abdurasulov.
Mavzuga oid
11:51 / 03.11.2024
O‘zbekistonda tahsil olayotgan xorijlik talabalar soni ma’lum qilindi
15:30 / 28.10.2024
O‘zbekistondagi tug‘ilishlar soni kamaydi. Nega?
17:35 / 25.10.2024
O‘zbekistonda tug‘ilish kamaydi, o‘limlar soni esa oshdi
12:36 / 13.10.2024