Jahon | 18:34 / 10.01.2023
7469
2 daqiqa o‘qiladi

Eron sobiq prezidentining qizi 5 yilga ozodlikdan mahrum etildi

Foiza Hoshimiy norozilik namoyishlarida qatnashishda ayblangan.

Foto: AP

Eron sobiq prezidenti Ali Akbar Hoshimiy Rafsanjoniy qizi besh yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Foiza Hoshimiyga o‘tgan yilning sentabr oyida boshlangan norozilik namoyishlarida ishtirok etganlik aybi qo‘yilgan. Uning advokati Nida Shamsning ma’lum qilishicha, sudyalar Foizani «hukumatga qarshi tashviqot» va «jamoat tartibini buzish»da aybdor deb topgan.

Advokat so‘zlariga ko‘ra, sud qarori ustidan shikoyat qilinishi mumkin. Biroq, hali ham panjara ortida qolayotgan Foiza Hoshimiy ustidan boshqa jinoyat ishlari ham ochilgan. Ayol 2022 yil 27 sentabr kuni Tehronda «namoyishlarni qo‘zg‘atganlik»da ayblanib hibsga olingan edi.

Eronda norozilik namoyishlari bir necha oydan beri davom etmoqda. O‘tgan yili sentabrda Tehronda axloq politsiyasi tomonidan ro‘molni noto‘g‘ri o‘ragani uchun hibsga olingan 22 yoshli Mahsa Aminiy bir necha kun o‘tgach, shifoxonada vafot etdi. Shundan keyin butun mamlakat bo‘ylab norozilik namoyishlari boshlandi.

Rasmiylar dekabr oyi boshida 200 dan ortiq odam o‘lganini e’lon qilgan bo‘lsa, xorijlik huquq faollari 27 dekabr kuni 476 nafar namoyishchi halok bo‘lgani haqida xabar berdi.

Shu bilan birga, Eron ommaviy axborot vositalari mamlakat huquq-tartibot idoralarining 60 dan ortiq xodimi halok bo‘lgani va minglab namoyishchilar hibsga olingani haqida xabar berdi.

Ali Akbar Hoshimiy Rafsanjoniy 1989-1997 yillarda Eron prezidenti bo‘lgan. U 2017 yilda 82 yoshida vafot etgan.

Mavzuga oid