O‘zbekiston | 14:18 / 11.01.2023
2151
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston raqamlashtirish bo‘yicha xalqaro reytinglardagi o‘rnini yaxshiladi

2022 yilgi xalqaro reytinglarda O‘zbekistonning raqamlashtirish bo‘yicha o‘rni sezilarli darajada ko‘tarildi, deb xabar bermoqda “Dunyo”.

Jahon banki GovTech Enablers indeksiga muvofiq, raqamli ko‘nikmalar va davlat xizmatlaridagi innovatsiyalar bo‘yicha mamlakat 2020 yilga nisbatan 65 pog‘ona yuqoriladi. Mazkur reyting natijalariga ko‘ra, hukumat va davlat xizmatlari sektori bo‘yicha O‘zbekiston 37 pog‘ona yuqorilab, 198 mamlakat ichida raqamli transformatsiya sohasida yetakchi mamlakatlar «A» guruhidan joy oldi.

Birlashgan millatlar tashkiloti tomonidan har 2 yilda bir marta o‘tkaziladigan Elektron hukumat rivojlanishi reytingi joriy yilgi natijalariga muvofiq, O‘zbekiston biryo‘la 18 pog‘ona yuqorilab, “yuqori/juda yuqori rivojlanuvchi” mamlakatlar qatoriga kirdi.

Oxford Insighs tomonidan o‘tkazilgan “Hukumat sun’iy intellektga tayyorlik indeksi” tahlilida 2022 yili mamlakat 160 ta davlat ichida 14 pog‘ona yuqoriladi.

Open data Inception 2022 yilgi tahliliga ko‘ra, dunyoning 201 ta mamlakatlari orasida ochiq ma’lumotlar manbalari va ular soni bo‘yicha O‘zbekiston 124 ta ochiq ma’lumotlar manbalari bilan 4-o‘rinni egallagan (1-o‘rin AQSh – 641 ta manba, 2-o‘rin Fransiya – 381 ta manba, 3-o‘rin Ispaniya – 307 ta manba). 2021 yilda mazkur ko‘rsatkichda respublika 99 ta manba bilan 5-o‘rinni egallagan.

Buyuk Britaniya xalqaro nufuzli Cable.co tashkiloti tomonidan 233 ta davlat orasida O‘zbekiston mobil internet narxi eng past bo‘lgan davlatlar qatoriga kiritildi. Mazkur reytingda mamlakat 21-o‘rindan (2021 yil 1-yarim yillikda) 15-o‘ringa (2022 yil 1 yarim yillikda) ko‘tarildi. 

The Economist Intelligence Unit tomonidan har yili e’lon qilinadigan Inclusive Internet indeksida respublika o‘tgan yilga nisbatan 5 pog‘ona ko‘tarilib (2021 yilda 66-o‘rin) 2022 yilda 61-o‘rinni egalladi.  

SpeedTest Global Index indeksida esa mamlakat 2021 yil yakunida mobil internet tezligi bo‘yicha dunyo davlatlari orasida 128-o‘rinni hamda simli internet tezligi bo‘yicha 94-o‘rinni egallagan bo‘lsa, 2022 yil oktabr oyi yakuniga qadar 116-o‘ringa (mobil internet tezligi) va 88-o‘ringa (simli internet tezligi) ko‘tarildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid