Angola, Malavi va MAR yilning unutilgan inqirozlari ro‘yxatida yetakchi bo‘ldi
CARE tashkilotining jahon ommaviy axborot vositalari o‘tgan yili unchalik ahamiyat bermagan inqirozlar ro‘yxatiga Afrikaning 10 ta ocharchilikka yuz tutgan davlati kiritildi.
2022 yilda dunyo jamoatchiligi nazaridan chetda qolgan inqirozli davlatlar ro‘yxatida birinchi o‘rinni Angola, Malavi va Markaziy Afrika Respublikasi egalladi. CARE xalqaro xayriya tashkiloti tomonidan 12 yanvar, payshanba kuni jahon ommaviy axborot vositalari deyarli yozmagan 10 ta «unutilgan gumanitar inqirozlar»ning yillik ro‘yxati taqdim etildi. Unda paydo bo‘lgan barcha davlatlar Afrika qit’asida joylashgan.
Ro‘yxatda birinchi bo‘lib so‘nggi 40 yil ichida eng kuchli qurg‘oqchilikni boshdan kechirayotgan Angola joylashgan. Hisobotda aytilishicha, bu mamlakatda 4 millionga yaqin odam ochlikdan aziyat chekmoqda, 5 yoshgacha bo‘lgan 100 mingdan ortiq bola to‘yib ovqatlanmaydi. Ayni paytda bu Afrika davlatidagi vaziyatga atigi 1847 ta xabar bag‘ishlangan. Taqqoslash uchun: aktyorlar Jonni Depp va Ember Xerd o‘rtasidagi sud haqida xuddi shu davrda va bir xil tillarda 217 201 ta xabar chop etilgan.
Ikkinchidan o‘ninchi o‘rinlarni - ustuvorlik tartibida - aholisi ocharchilikdan aziyat chekayotgan, shuningdek, o‘ta qashshoqlik, qurolli to‘qnashuvlar, bolalar va yosh onalar o‘limi darajasi yuqori bo‘lgan Malavi, MAR, Zambiya, Chad, Burundi, Zimbabve, Mali, Kamerun va Niger egalladi.
Afrikaning ko‘plab mamlakatlaridagi falokatli vaziyatning jahon matbuoti tomonidan deyarli to‘liq yoritilmagani tashvish uyg‘otadi, dedi Klodin Avyu, CARE xalqaro dasturlar bo‘yicha vitse-prezidenti.
«Birlashgan millatlar tashkiloti yaqinda Afrikadagi tarixiy oziq-ovqat inqirozi haqida ogohlantirdi. Biz uning ko‘lamini har kuni ishimizda ko‘ryapmiz. Ota-onalar farzandlari och qolmasligi uchun ovqat yemaydi. Dalalar quriyapti, chorva mollari nobud bo‘lyapti. Oilalar qochishyapti, chunki ular ovqat va suv topishga qodir emas», - dedi Avyu. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar dunyo ushbu vaziyatga e’tibor bermaslikda davom etsa, bu falokatli oqibatlarga olib keladi.
Hisobotni tuzishda ekspertlar kamida 1 million kishiga ta’sir ko‘rsatgan inqirozlar qayd etilganini hisobga olgan holda besh tildagi 5,8 million onlayn nashrlarni tahlil qilishdi. 2022 yilda iqlim o‘zgarishi, qurg‘oqchilik, mojarolar va urushlar tufayli dunyo bo‘ylab 47 ta shunday inqiroz qayd etilgan. CARE 2016 yildan beri «unutilgan» inqirozlar haqida hisobot berib keladi.
2021 yilda Ukraina ushbu reytingda ikkinchi o‘rinda edi. Rossiyaning keng ko‘lamli harbiy agressiyasi boshlanishi bilan vaziyat keskin o‘zgardi: Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi haqida 2,2 million internet nashrida xabar berilgan. Endi Ukrainadagi urush jahon ommaviy axborot vositalari eng ko‘p yozadigan inqirozga aylandi va boshqa ofatlardan katta farq bilan oldinda boryapti, dedi CARE Germaniya bo‘limi bosh kotibi Karl-Otto Tsentel.
Bosh qarorgohi Jyenevada joylashgan Cooperative for Assistance and Relief Everywhere (CARE) xalqaro xayriya tashkiloti 1945 yilda Ikkinchi jahon urushi oxirida Yevropada ocharchilik va qashshoqlikka qarshi kurashish uchun tashkil etilgan. Hozir bu NNT mahalliy hamkorlar tarmog‘i tufayli dunyoning 102 mamlakatida faoliyat yuritmoqda.
Mavzuga oid
11:50 / 19.09.2024
Ish ko‘p, maosh kam: Yevropa shifoxonalarida “kadrlar inqirozi” yuz bermoqda
18:20 / 14.09.2024
Ishchi kuchi kamaydi: Gretsiya demografik falokatga yuz tutmoqda
11:51 / 14.09.2024
Angola O‘zbekistonga yangi elchi tayinladi
12:28 / 10.09.2024