Varshava va London Ukrainaga og‘ir tanklar yetkazib berishga tayyor
Polsha Ukrainaga 14 ta Leopard-2 tankini yetkazib berishi mumkin, ammo buning uchun ularni ishlab chiqaruvchi - Germaniyaning roziligi kerak.
Polsha G‘arbning og‘ir jangovar tanklarini Ukrainaga jo‘natishini e’lon qilgan birinchi NATO davlati bo‘ldi. 11 yanvar, chorshanba kuni kechqurun xalqaro koalitsiya tarkibida Leopard-2 tanklari rotasini Kiyevga o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorni Polsha prezidenti Anjyey Duda Ukraina va Litva prezidentlari Volodimir Zelenskiy hamda Gitanas Nauseda bilan Lvovdagi uchrashuvdan so‘ng e’lon qildi. Gap 14 ta tank haqida ketmoqda. Dudaning bayonotiga qaramay, Polsha hali tanklarni yubora olmaydi, chunki bu ularni ishlab chiqaruvchi - Germaniyadan reeksport litsenziyasini talab qiladi.
Berlin bunga hali tayyor emas. Federal kansler matbuot kotibi Shteffen Hebeshtrayt chorshanba kuni kechqurun Germaniyaning reeksportga qarshi pozitsiyasi o‘zgarmaganini aytdi. Hebeshtrayt, shuningdek, NATO ittifoqchilarining reeksport so‘rovlaridan ham, Ukrainaga to‘g‘ridan to‘g‘ri Germaniyadan tanklar yuborish takliflaridan ham bexabar ekanligini ta’kidladi.
Germaniya yanvar oyi boshida Ukrainaga 40 tagacha Marder piyoda jangovar mashinalarini topshirish to‘g‘risida qaror qabul qilganidan so‘ng, nemis hukumatiga Leopard 2 og‘ir jangovar tanklarini Kiyevga yetkazib berishni talab qilayotganlar tomonidan Ukrainaga Yevropaning o‘ziga xos «tank alyansi» bilan ta’minlash bo‘yicha bosim kuchaymoqda. «Tank alyansi» 2000 ga yaqin Leopard tanklari bilan qurollangan hamda Yevropa Ittifoqining 13 davlatini birlashtiradi. Germaniya va Polshadan tashqari, Finlandiya, Ispaniya, Gretsiya, Turkiya va Daniyada bunday tanklarning sezilarli soni mavjud.
Finlandiya rahbariyati bir kun avval Leopard tanklarini Ukrainaga jo‘natish bilan bog‘liq vaziyatning rivojlanishini diqqat bilan kuzatib borayotganini va agar bir guruh davlatlar yetkazib berishni qo‘llab-quvvatlasa, ishtirok etish imkoniyatini ko‘rib chiqishga tayyorligini ma’lum qildi.
Chorshanba kuni London ham tanklarni Ukrainaga o‘tkazish niyatida ekanligini ma’lum qildi. Buyuk Britaniya bosh vaziri Rishi Sunak mudofaa vaziri Ben Uollesdan kelgusi haftalarda «Ukrainani qo‘llab-quvvatlash, jumladan, tanklar bilan ta’minlashda yanada tezroq harakat qilish uchun hamkorlar bilan ishlashni so‘radi», deb xabar berdi Sunak kanselyariyasi. Sky News telekanaliga ko‘ra, London Kiyevga Britaniya armiyasining Challenger 2 o‘nta asosiy jangovar tankini taklif qilishi mumkin.
Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy dekabr oyida Ukrainaga hal qiluvchi hujum uchun 300 ga yaqin tank, 600-700 ta piyoda jangovar texnika va 500 ta gaubitsa kerakligini ta’kidlagan edi.