10:11 / 12.01.2023
6098

Zelenskiy: Rossiya safarbarlik uchun Soledar egallangani haqida yolg‘on gapiryapti

Rossiya hukumati va rus targ‘ibotchilari safarbarlikni davom ettirish va urushni qo‘llab-quvvatlovchilarda umid uyg‘otish uchun Soledarning egallab olingani haqida yolg‘on da’volarni tarqatyapti. Bu haqda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning kechki videomurojaatida aytilgan. 

Foto: president.gov.ua

«Ular mobilizatsiyani qo‘llab-quvvatlash va tajovuzkorlarga umid berish uchun o‘z jamiyatiga vaziyatni shunday taqdim etmoqda. Ammo janglar davom etyapti. Donetsk yo‘nalishi qat’iy turibdi. Biz hamma narsani hatto bir kunga ham tanaffussiz qilyapmiz. Bu Ukraina mudofaasini kuchaytirish uchun zarur», - deya ta’kidlab o‘tdi Zelenskiy. 

Soledar uchun janglar davom etayotgani haqida avvalroq Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi xabar bergan edi.

Avvalroq «Vagner» XHK asoschisi, rossiyalik tadbirkor Yevgeniy Prigojin Soledarning butun hududi egallab olinganini e’lon qilgandi. 

«Shahar markazida vaziyat o‘ta keskin shakllangan, u yerda janglar ketmoqda. Asirga olinganlar soni ertaga ma’lum qilinadi», - dedi u «VKontakte» ijtimoiy tarmog‘idagi «Konkord» kompaniyasi sahifasida. 

Prigojinning alohida ta’kidlashicha, Soledarga hujumda «Vagner» XHKdan tashqari boshqa hech qanday bo‘linma qatnashmagan. 

RIA «Novosti»ning xabar berishicha, rossiyalik yollanma askarlar Soledardagi tuz konlarini egallab olgan. Agentlik ixtiyorida tegishli fotosuratlar mavjud, ularda Yevgeniy Prigojinning o‘zi ham bor.

Shu bilan birga, seshanba kuni kechqurun Rossiya Federatsiyasi prezidenti administratsiyasi va Ukraina Mudofaa vazirligi vakillari Soledar uchun shiddatli janglar davom etayotganini aytishdi. 

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top