O‘zbekiston | 16:12 / 16.01.2023
10253
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda qozonxona portlashi oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi

Tashqi quvurlarning muzlab qolishi tufayli qozonxonada ichki bosim yuqori darajada ortib ketgan va portlash sodir bo‘lgan.

Termiz davlat universiteti akademik litseyi binosini isitishga mo‘ljallangan qozonxona portlagan. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Hodisa bugun, 2023 yil 16 yanvar kuni soat 11:30 da sodir bo‘lgan. Akademik litsey binosini isitishga mo‘ljallangan qozonxonada tashqi tomon quvurlarining muzlab qolishi tufayli ortiqcha bug‘ to‘planib, ichki bosim yuqori darajada ortib ketgan va portlash sodir bo‘lgan.

Portlash oqibatida shu yaqin atrofda faoliyat olib borayotgan ikki nafar xodim kuchli zarb tufayli tan jarohati olib, hodisa joyida vafot etgan. Yana bir xodim shifoxonaga yotqizilgan.

Qayd etilishicha, holat yuzasidan Termiz shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 257-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda holat yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Olib borilayotgan tergov harakatlari viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.

Avvalroq, Xovos tumanidagi ikki qavatli binoda gaz portlagan va ikki kishi halok bo‘lgan, bir kishi shifoxonaga yotqizilgandi.

Mavzuga oid