Jahon | 22:51 / 17.01.2023
9696
3 daqiqa o‘qiladi

Dunyodagi boylikning yarmidan ko‘pi 81 milliarderga tegishli 

Oxfam xayriya tashkiloti hisobotiga ko‘ra, dunyodagi eng badavlat 81 nafar kishining umumiy boyligi jahon umumiy boyligining yarmidan oshadi. 

Foto: Getty Images

Oxirgi ikki yil ichida dunyodagi eng badavlat odamlarning 1 foizi o‘z boyligini 26 trillion dollarga oshirdi, umumjahon ko‘rsatkichi esa 42 trillion dollarga oshgan. Ya’ni, Davosdagi Jahon iqtisodiy forumida taqdim etilgan hisobotga ko‘ra, o‘sishning uchdan ikki qismi eng boylar hissasiga to‘g‘ri kelgan, qolgan 99 foiz aholi esa umumiy holda o‘z boyligini atigi 16 trillion dollarga oshirgan. 

Bu eng badavlat kishilar tomonidan boylik to‘plash sur’ati tezlashganidan dalolat beradi, deb qayd etadi CNBC. 

Oxfam International tashkiloti bosh direktori Gabriela Buxer o‘ta badavlat odamlarni soliqqa tortishni oshirishga chaqirib, bu «tengsizlikni kamaytirish va demokratiyani tiklash uchun zarur shart» ekanini aytdi. Uning fikricha, soliq siyosatidagi o‘zgarishlar butun dunyoda davom etayotgan inqirozlarni yengishga yordam beradi. 

«O‘ta boy va yirik korporatsiyalarni soliqqa tortish bugungi kunda ketma-ket kelayotgan inqirozdan chiqish yo‘lidir. Eng boy odamlar uchun soliqlarning kamayishi ularning boyligi boshqalarga qandaydir tarzda «oqib o‘tishiga» sabab bo‘ladi degan afsonadan voz kechish davri keldi», dedi Buxer. 

Oxfam hisob-kitoblariga ko‘ra, eng badavlat 1 foiz odamga dunyo boyligining 45,6 foizi to‘g‘ri keladi, daromadi eng past 50 foiz odamga esa atigi 0,75 foiz. Oxirgi ikki yil ichida milliarderlarning boyligi kuniga o‘rtacha 2,7 milliard dollarga oshmoqda. Dunyoning eng boy ming nafar odami orasida atigi 124 nafar ayol va besh nafar qoratanli bor.

Oxfam dunyodagi eng boy odamlar deyarli soliq to‘lamasligini ta’kidlamoqda. Masalan, tarixdagi eng boy odamlardan biri, elektromobil ishlab chiqaruvchi Tesla kompaniyasi rahbari Ilon Maskning real daromad solig‘i stavkasi 3,2 foizni tashkil etadi. Boshqa eng boy odam Amazon rahbari Jyeff Bezos 1 foizdan kam stavkada soliq to‘laydi. 

Mavzuga oid