Harbiy xizmatdan qaytishiga ikki oy qolgan askar o‘zini otgani aytilmoqda
Holat yuzasidan Toshkent harbiy prokuraturasi tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazmoqda.
Toshkent viloyatidagi harbiy qismlarning birida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan askar 21 yoshga to‘lishiga 4 kun qolganda halok bo‘lgan.
O‘zbekiston Bosh prokuraturasi axborot xizmatining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, 11 yanvar kuni soat taxminan 10:15 larda muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan askar o‘ziga biriktirilgan AKS-74 rusumli avtomat bilan boshiga qarata o‘q uzgan. U voqea joyida vafot etgan.
Qayd etilishicha, harbiy qism tibbiyot xodimlari uni darhol Mudofaa vazirligi Markaziy klinik gospitaliga olib ketgan.
“Hozirda ushbu holat yuzasidan hodisa joyiga Toshkent harbiy prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilmoqda”, deyiladi rasmiy ma’lumotda.
Marhumning yaqinlari Milliy telekanalining “Millar” dasturiga bergan intervyusida askar yigit urib o‘ldirilgan degan gumonda ekanini bildirishgan.
“O‘g‘lim Mirjalol Imomovni o‘tgan yili 4 may kuni harbiy xizmatga kuzatgandik. 11 yanvar kuni kech soat 17:30 larda harbiy qismdan xo‘jayinimga qo‘ng‘iroq qilib: “Bandachilik, o‘g‘lingiz o‘zini otib qo‘ydi”, deb aytishdi. Otasi shok holatiga tushib gapirolmay qotib qoldi. Shunda telefonni olib: “Nimalar deyapsiz, mening o‘g‘lim o‘zini otadigan yigitmas” deb aytganimdan keyin qo‘ng‘iroq qilayotgan shaxs: “Olti-yetti nafar askarni qamab qo‘yganmiz, hozir surishtiruv ketyapti. Otib qo‘yishibdi o‘g‘lingizni”, deb boshqacha gapirdi. Ya’ni avval o‘zini otib qo‘ydi degan bo‘lsa, keyin otib qo‘yishibdi dedi. U oxirgi marta yangi yil kuni ertalab qo‘ng‘iroq qilib, Xudo xohlasa mart oyida qaytaman, degandi. Sanasini ayt deganimda sizga syurpriz qilib kirib boraman, deb aytmagandi”, deya ta’kidlaydi marhumning onasi.
Askarning yaqinlariga ko‘ra, marhum jasadida turli jarohat izlari bor. Jumladan, old ikkita tishi singan, qoshining tepasi yorilgan. Shunga tayanib ular Mirjalol kaltaklangan bo‘lishi mumkinligini gumon qilishmoqda.
Mudofaa vazirligining ma’lum qilishicha, Qurolli Kuchlar Sud tibbiy ekspertiza markazi mutaxassislari tomonidan tibbiy ekspertiza o‘tkazilgan. Vazirlik tekshirish natijasi haqida qo‘shimcha axborot taqdim etilishini bildirgan.
2022 yilda avval Qashqadaryoda, so‘ngra Surxondaryoda harbiy xizmatni o‘tayotgan 18 yashar yigitlar vafot etgandi.
Mavzuga oid
19:57
«Toshkent viloyati suv ta’minoti» AJ mutaxassisi 1,6 ming dollar bilan ushlandi
21:23 / 21.11.2024
Toshkent viloyatida hojatxona uchun qazilgan chuqurga tushib ketgan fuqaro qutqarildi
14:12 / 15.11.2024
Dilshod Sultonov shahar hokimligidan ham ketdi
08:14 / 14.11.2024