O‘zbekiston | 17:59 / 17.01.2023
10165
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston-Singapur Savdo palatasi tashkil etiladi

Savdo-sanoat palatasi hamda bir qator mahalliy tashkilotlar tomonidan Singapurning “Oceanus Group” kompaniyasi bilan O‘zbekiston-Singapur Savdo palatasini tashkil etish to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi.

Foto: Savdo-sanoat palatasi Matbuot xizmati

Joriy yilning 16 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat tashrifi arafasida Singapurda ikki davlat tadbirkorlari o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini har tomonlama mustahkamlashga qaratilgan O‘zbekiston-Singapur biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.

Singapur dunyoning yirik savdo va dengiz yo‘llari chorrahasida, jumladan, Hindiston va Xitoy o‘rtasidagi asosiy dengiz yo‘lida joylashgan davlat bo‘lib, bugungi kunda Singapurda tovarlarni saqlash va reeksport qilish xizmatlarini ko‘rsatuvchi 9 ta erkin iqtisodiy zonalar faoliyat ko‘rsatadi.

Yillar davomida Singapurda 27 ta xalqaro bitimlardan iborat ulkan tarmoq yaratilgan. Ushbu bitimlarga, xususan, Xitoy, Koreya, Avstraliya, Yangi Zelandiya, Hindiston, Yaponiya, Peru, Turkiya, AQSh, Kanada, Meksika, ASEAN (janubiy-sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasi), Yevropa Ittifoqi va Fors ko‘rfazi mamlakatlari bilan tuzilgan erkin savdo to‘g‘risidagi shartnomalar kiradi.

Shu bilan birga, Singapurning bojxona reglamentiga muvofiq, O‘zbekiston 5200 dan ortiq tovarlarni bojsiz olib kirish huquqiga ega. Biroq, mavjud imkoniyatlarga qaramay, savdo sohasidagi hamkorlik mavjud salohiyat darajasida emas. Buning sabablaridan biri ikki davlat tadbirkorlari uchun o‘zaro savdoni rivojlantirish imkonini beruvchi platformaning yo‘qligidir.

Yuqoridagilarni inobatga olib, biznes-forum doirasida Savdo-sanoat palatasi hamda bir qator mahalliy tashkilotlar Singapurning “Oceanus Group” kompaniyasi bilan O‘zbekiston-Singapur Savdo palatasini tashkil etish to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi.

Tashkil etiladigan O‘zbekiston-Singapur Savdo palatasining ta’sischilari qatoriga Savdo-sanoat palatasi (muvofiqlashtiruvchi), O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzuridagi Eksportni rag‘batlantirish agentligi, “O‘zsanoateksport” AJ, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi, “Global Export Company” MChJ, hamda “BMB Trade Group” MChJ kiradi.

 O‘zbekiston-Singapur Savdo palatasining maqsadi - O‘zbekistonning Singapur hamda ASEAN mamlakatlarida savdo va sarmoyaviy imkoniyatlarini rivojlantirishdan iborat bo‘ladi.

Hamkorlikning birinchi bosqichida tomonlar O‘zbekistondan Singapur, Xitoy va ASEAN mamlakatlari bozorlariga dukkaklilar, qayta ishlangan meva-sabzavot, yong‘oq va tovuq go‘shti eksportini tashkil etishga kelishib oldilar.

Hamkorlikning ikkinchi bosqichida Singapur kompaniyasi o‘zbekistonlik eksportyorlar faoliyatini kengaytirish va mahsulot sifatini oshirish orqali eksport hajmini oshirish maqsadida ularga sarmoya kiritish va sarmoya jalb etishni rejalashtirmoqda.

Savdo-sanoat palatasi Matbuot xizmati Ⓣ

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid