Jahon | 00:47 / 24.01.2023
31101
3 daqiqa o‘qiladi

Xitoy bilan urushda AQSh snaryadlari bir hafta ichida tugaydi - WSJ

Ukrainaga qurol yetkazib berish AQSh harbiy arsenallarini sezilarli darajada kamaytirgan.

Foto: AP

AQSh harbiy sanoati Xitoyga qarshi uzoq davom etadigan keng ko‘lamli urushga tayyor emas. Bunga Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi oqibatlari dalolat beradi, deb yozdi The Wall Street Journal.

Nashrning qayd etishicha, Amerika Ikkinchi jahon urushidan keyingi Yevropadagi eng yirik urushda Ukrainaga katta yordam ko‘rsatgan. Biroq, cho‘zilib borayotgan mojaro harbiy kompaniyalarning arsenallarni tezroq to‘ldirish imkoniyati yo‘qligini ko‘rsatgan. Bu esa Qo‘shma Shtatlardagi mavjud qurol-yarog‘ zaxiralarining keskin qisqarishi bilan bog‘liq «strategik xavf» borligini ko‘rsatmoqda.

Gazeta Vashingtonda joylashgan Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi katta vitse-prezidenti Set Jons tomonidan chop etilgan tadqiqotga tayanmoqda.

Nashrga bergan intervyusida tahlilchi hozir Amerika harbiy sanoati xuddi tinchlik davridagi kabi ishlayotganini ta’kidlagan. Yuqori martabali amerikalik harbiylar va rasmiylarga ko‘ra, Xitoy bilan ehtimoliy mojaro yuzaga kelsa, AQSh armiyasining o‘q-dorilari tezda tugaydi.

Hind-Tinch okeanida Xitoy bilan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan mojaro Ukrainada bo‘lib o‘tayotgan quruqlikdagi urushdan farq qiladi, ammo AQSh baribir katta miqdorda qurol ishlatishi kerak bo‘ladi.

Tahlilchining so‘zlariga ko‘ra, harbiy sanoatdagi muammolar tufayli, «AQSh uzoq muddatli mojaroda ishtirok etishda qiyinchilikka duch keladi».

Bu muammoning yaqqol ko‘rsatkichi sifatida Jons Ukrainaga yetkazib berilgan Javelin tankka qarshi tizimlari bilan bog‘liq vaziyatni keltirmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yilning avgust oyidan beri Ukraina Qurolli kuchlari Amerika sanoati 7 yil ichida ishlab chiqarishga qodir bo‘lgan miqdordagi tizimlarni olgan.

Bundan tashqari, Ukrainaga yetkazib berilgan Stinger zenit-raketa komplekslari miqdori so‘nggi 20 yil ichida boshqa mamlakatlarga eksport qilingan hajmga teng. Shuningdek, AQSh Ukrainaga bir milliondan ortiq 155 mm snaryadlarni yetkazgan, oqibatda o‘z zaxiralarini «past» darajaga tushirgan.

Jons AQSh hukumatiga umumiy ehtiyojlarini qayta ko‘rib chiqish va qurollarning strategik zaxirasini yaratishni tavsiya qilmoqda.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid