Jahon | 08:22 / 31.01.2023
10199
3 daqiqa o‘qiladi

Fransiya va Avstraliya birgalikda Ukraina uchun snaryadlar ishlab chiqaradi

Fransiya va Avstraliya Ukraina uchun birgalikda bir necha ming 155 mm artilleriya snaryadlarini ishlab chiqarishga kelishib oldi. Shuningdek, Parij qiruvchi samolyotlarni yetkazib berish imkoniyatini istisno etmadi, biroq haligacha Kiyevdan bunday so‘rov olmagan.

Foto: Getty Images

Fransiya va Avstraliya Ukraina uchun birgalikda bir necha ming 155 mm artilleriya snaryadlarini ishlab chiqarishga kelishib oldi. Bu haqda 30 yanvar kuni Fransiya mudofaa vaziri Sebasten Lekornyu Parijda ikki davlat tashqi ishlar vazirlari va mudofaa idoralari uchrashuvi yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Lekornyuning so‘zlariga ko‘ra, fransuzning Nexter qurol kompaniyasi snaryadni to‘g‘ridan to‘g‘ri ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi va buning uchun zarur poroxni Avstraliya yetkazib beradi. Ishlab chiqarish xarajatlari ham ikki davlat o‘rtasida taqsimlanadi.

Fransiya Mudofaa vazirligi rahbari hamkorlik bo‘yicha erishilgan kelishuvni «misli ko‘rilmagan» deb atadi. Uning avstraliyalik hamkasbi Richard Marles qo‘shimcha qildi: «Bu Fransiya va Avstraliya Ukrainaga u bu mojaroga bardosh bera olishi va uni o‘z shartlari asosida yakunlashi uchun ko‘rsatayotgan doimiy yordam darajasining bir qismidir».

Shu kuni Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ham Parij Kiyevni G‘arb qiruvchi samolyotlari bilan ta’minlashi mumkinligini istisno etmadi. Haagada Niderlandiya bosh vaziri Mark Ryutte bilan uchrashuvdan so‘ng Makron: «Hech narsa rad etilmayapti», dedi. Shu bilan birga, Fransiya prezidenti Ukraina birinchi navbatda qiruvchi samolyotlar yetkazib berish bo‘yicha rasmiy so‘rov yuborishi kerakligini qo‘shimcha qildi – Parij hali uni olmagan.

Makron, shuningdek, G‘arb tomonidan taqdim etilgan qurollar «mojarolarni kuchaytirish» va Rossiya Federatsiyasi hududiga hujumlar uyushtirish uchun emas, balki faqat Ukrainani Rossiya agressiyasidan himoya qilish uchun ishlatilishi kerakligini ta’kidladi. Fransiya prezidenti yana bir shartni ham aytib o‘tdi: Kiyevga qurol yetkazib berish Fransiya qurolli kuchlarining jangovar imkoniyatlarini kamaytirmasligi kerak.

Ryutte, o‘z navbatida, Makronning mezonlariga rozi bo‘ldi. Niderlandiya bosh vaziri, shuningdek, Ukrainaga qiruvchi samolyotlar yetkazib berish bo‘yicha «taqiq» yo‘qligini va bu «oldinga katta qadam» bo‘lishini aytdi. Shu bilan birga, Ryuttening so‘zlariga ko‘ra, Niderlandiya hukumati ham Kiyevdan tegishli so‘rov olmagan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid