O‘zbekiston | 14:16 / 31.01.2023
50337
2 daqiqa o‘qiladi

Sinoptiklar fevralda ob-havo qanday bo‘lishi to‘g‘risida ma’lumot berdi

Bu yil o‘zbekistonliklar mahalliy iqlim uchun noodatiy sovuq yanvar oyini boshdan kechirdi. 2000-yillar boshidan beri ushbu yil yanvar oyidan faqat 2008 yil yanvar oyi sovuqroq bo‘lgan.

Foto: KUN.UZ

Mamlakat ayrim hududlarida, xususan, Toshkent shahrida eng sovuq kechalarda havo harorati ko‘rsatkichlari nafaqat 2008 yildagidan past, balki so‘nggi yarim asrdagi eng past ko‘rsatkich bo‘ldi.

“O‘zgidromet” ma’lumotiga ko‘ra, Toshkent, Jizzax viloyatlari va respublika janubidagi ayrim stansiyalar kuzatuvi natijalariga ko‘ra, joriy yil yanvar oyida meteorologik kuzatuvlar barcha yillari uchun minimal havo harorati mutlaq rekordlari qayd etildi.

Yanvar oyi oxirgi kunlarida sovuq asta-sekin chekindi. Ushbu tendensiya fevral oyi boshida ham saqlanib turadi. Respublika hududiga O‘rta Yer dengizi hududlaridan nam va nisbatan iliq havo kirib keladi.

Fevral oyi birinchi o‘n kunligida harorat asosan kechalari 0-5 daraja iliq, ba’zi joylarda 2 daraja sovuqqacha, kunduz kunlari 3-8 daraja iliqqacha, ba’zi joylarda 10-12 daraja iliqqacha, shimolda kechalari 3-8 daraja sovuq, kunduz kunlari 2-7 daraja iliq atrofida bo‘ladi.

O‘n kunlik nisbatan yog‘ingarchilikka boy bo‘ladi. Respublika barcha hududlari bo‘yicha vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, ba’zi joylarda qorga aylanadi.

Keyinchalik, fevral oyi oxirigacha harorat kechalari 2-7 daraja iliqdan 0-5 daraja sovuqqacha, kunduz kunlari 2-7 daraja iliqdan 12-17 daraja iliqqacha o‘zgarib turishi kutilmoqda.

Ayrim kunlarda respublika bo‘yicha ba’zi joylarda qor va yomg‘ir ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik bo‘ladi.

Mavzuga oid