Jahon | 11:20 / 06.02.2023
9963
3 daqiqa o‘qiladi

Turkiya va Suriyada zilzila oqibatida kamida 300 kishi halok bo‘ldi

Yerosti silkinishlari bir qancha viloyatlar va qo‘shni mamlakatlarda sezilgan, Turkiyada o‘nlab uylar vayron bo‘lgan, qurbonlar soni ortib bormoqda.

Foto: AA

Turkiya janubi-sharqida va Suriya shimolida yuz bergan kuchli zilzila oqibatida kamida 300 kishi halok bo‘ldi. Turkiyadagi tabiiy ofat qurbonlari soni kamida 76 kishini tashkil etdi, kamida 440 kishi jarohat oldi, deya xabar bermoqda Anadolu agentligi 6 fevral, dushanba kuni ertalab Tabiiy ofatlar va favqulodda vaziyatlarni boshqarish boshqarmasi (AFAD)ga tayanib. Suriyada kamida 230 kishi halok bo‘ldi, 600 kishi jarohatlandi, deya xabar bermoqda Damashq davlat televideniyesi Sog‘liqni saqlash vazirligiga tayanib.

AFAD ma’lumotlariga ko‘ra, Turkiyaning Suriya bilan chegaradosh Qahramonmarash viloyati mahalliy vaqt bilan ertalab soat 4lar atrofida 7,4 magnitudali zilzila episentriga aylandi. Ko‘p o‘tmay Gaziantep viloyatida 6,6 magnitudali yana bir zilzila qayd etildi. So‘ngra yarim soat davomida turli mintaqalarda, jumladan, poytaxt Anqara, Adana, Nevshehir, Gaziantep, Kayseri, Mersin, Hatayda yerosti silkinishlari sezildi. Al Arabiya telekanali ma’lumotlariga ko‘ra, zilzila Iroq va Livanning ayrim hududlari aholisi tomonidan ham sezilgan. Bundan tashqari, Isroilda silkinishlar sezilarli bo‘lgan. 

Ro‘y bergan hodisa oqibatida turli shaharlardagi o‘nlab binolar vayron bo‘ldi. Diyorbakir shahrida zilzila natijasida 17 ta bino vayron bo‘lgan, deya xabar berdi mahalliy hokimiyat. Usmoniy viloyatida 34 ta bino qulagan, besh kishi halok bo‘lgani ma’lum, dedi viloyat gubernatori. Yana bir mintaqada – Shanliurfa viloyatida mahalliy vaqt bilan ertalab soat 6:00 holatiga ko‘ra, 10 kishi halok bo‘lgani ma’lum, deb yozadi AP agentligi. 

«Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 16 ta bino qulagan. 10 fuqaro halok bo‘lgan. Fuqarolarni qutqaruvchilar o‘tishi uchun yo‘llarni tozalashda yordam berishga chaqiramiz», — dedi viloyat gubernatori. Vayronagarchilikning to‘liq hajmi hozircha noma’lum. 

Mamlakat rasmiylari xavf haqida ogohlantirishning eng yuqori darajasini e’lon qildi. «Mamlakatda ogohlantirishning eng yuqori darajasi - to‘rtinchi daraja e’lon qilindi. Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi bilan birgalikda hududlarga qutqaruvchilar yubordik», dedi ichki ishlar vaziri Sulaymon So‘ylu va birinchi zilziladan keyin magnitudasi 6 dan yuqori bo‘lgan yana oltita katta zilzila sodir bo‘lganini qo‘shimcha qildi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid