Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Turkiya va Suriyada zilzila qurbonlari soni 5 mingdan oshdi. So‘nggi ma’lumotlar
Turkiya janubining katta qismida va Suriya shimolida 5000 dan ortiq kishi hayotiga zomin bo‘lgan ikkita kuchli zilziladan keyin tunda qutqaruv amaliyoti davom etdi.
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an 6 fevral kungi zilzilalardan jabrlangan 10 ta viloyatda uch oy muddatga favqulodda holat e’lon qildi.
Uning ma’lum qilishicha, 7 fevral kuni tushdan keyin olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Turkiyada zilzila qurbonlari soni 3549 nafarga yetgan. Shuningdek, 20 mingdan ortiq kishi jarohat olgan. Olti mingga yaqin binolar vayron bo‘lgan.
Qo‘shni Suriyada esa kamida 1602 kishi halok bo‘lgan. Shu tariqa, ikki mamlakatda qurbonlarning jami soni 5 mingdan oshib ketgan.
JSST baholariga ko‘ra, zilzila ushbu mintaqada yashaydigan 23 million kishi hayotiga ta’sir qiladi.
Uchta zilzila
6 fevral kuni 7,8 balli birinchi zilzila mahalliy vaqt bilan soat 04:17 da ro‘y berdi, uning o‘chog‘i Turkiya janubi-sharqidagi G‘oziantep shahridan 17,9 km masofada joylashgan. Uning ortidan 40 dan ortiq aftershoklar kuzatildi.
Keyin mahalliy vaqt bilan taxminan soat 13:30 da 7,5 balli ikkinchi zilzila sodir bo‘ldi. Uning epimarkazi Turkiya janubi-sharqidagi Qahramanmarash viloyatining Elbistan shahri hududida joylashgan.
Bu falokat Turkiya tarixidagi 1939 yildan beri eng kuchlisi bo‘ldi. O‘shanda 7,8 magnitudali zilzila natijasida 33 mingdan ortiq odam halok bo‘lgandi.

Seshanbaga o‘tar kechasi (Grinvich bo‘yicha soat 03:13 da) Turkiyaning markaziy qismida yana bir kuchli yer silkinishi kuzatilgan.
AQSh Geologiya xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, bu vaqtda Golbasi shahriga 10 km masofada 5,5 balli zilzila qayd etilgan. Yevropa-O‘rta Yer dengizi seysmologiya markazi esa bu silkinish magnitudasini 5,6 ballga baholagan.
Tun bo‘yi ikki mamlakatda vayron bo‘lgan minglab binolar xarobalari ostida qolgan odamlarni qidirish uchun qutqaruv amaliyoti davom ettirildi.
Qutqaruvchilar kuchli yomg‘ir va qor yog‘ib turgan sharoitda omon qolganlarni topish uchun harakatlarini davom ettirishdi. Tong otgach qidiruv ishlari faollashdi.
Foto: EVRIM AYDIN/ANADOLU AGENCY
Sertac Kayar / Reuters / Scanpix / LETA
Foto: BESTAMI BODRUK/ANADOLU AGENCY
Turkiya xalqaro hamjamiyatdan yordam so‘rab murojaat qilgach, dunyoning ko‘plab mamlakatlari Turkiyaga qutqaruv guruhlari yubormoqda.
Jabrlangan hududlarga BMT, Yevroittifoq, NATO tashkilotlari, shuningdek AQSh, Buyuk Britaniya, Xitoy, Rossiya, Hindiston, Yaponiya, Eron, Avstraliya, Yangi Zelandiya, Gretsiya, Pokiston va boshqa mamlakatlar qatorida O‘zbekistondan ham yordam yetib borgan.
Seshanba tongida Istanbul aeroportiga Iroqdan 70 tonna oziq-ovqat, dori-darmon va birlamchi ehtiyoj buyumlari olib kelgan samolyotlar qo‘ndi.
Turkiya Favqulodda vaziyatlar va tabiiy ofatlarga qarshi kurashish bo‘yicha boshqarmasi (AFAD) ma’lumotiga ko‘ra, jabrlangan hududlarda 24 mingdan ortiq qutqaruvchilar ish olib bormoqda.
Qizil Yarimoy jamiyati prezidenti Karim Kinik odamlardan gumanitar yordam berish uchun halokat joyiga o‘z avtomobillarida bormaslikni so‘ragan. Ko‘rpa, issiq kiyim va poyabzallarni yig‘ish punktlariga keltirish xavfsizroq bo‘lishi, ular keyinchalik jabrlangan hududlar bo‘ylab taqsimlanishi aytilgan.
«Avtomobillar yo‘llardagi 50 metrlik yoriqlarga tushib ketgan. Yo‘llarda qor yog‘moqda va muzlash kuzatilmoqda», deya ogohlantirgan u.
Meteorologlarga ko‘ra, kuchli yomg‘irlar va qor bo‘ronlari ortidan Turkiya janubi va Suriya shimolida bu hafta ancha quruq, quyoshli va salqin keladi.
Birinchi zilzila ro‘y bergan G‘oziantepda tunda harorat - 7 darajagacha pasaygan. Tog‘li hududlarda joylashgan shahar va qishloqlarda esa harorat -15 darajagacha tushgan bo‘lishi mumkin. Suriyada issiqroq, ammo bu yerda ham tunda harorat noldan pasaygan.
Izg‘irin, qor va yomg‘irlar qulagan binolar vayronalari ostidan omon qolganlarni qidirish ishlarini qiyinlashtirmoqda va xarobalar ostida qolib ketganlarning omon qolish imkonini pasaytirmoqda. Shuningdek, boshpanasiz qolganlar sovuqda ochiq osmon ostida tunashga majbur bo‘lgan.
Seshanba kungi tongga kelib mamlakatga 300 ming adyol va 40 mingdan ortiq palatka yetkazilgan.


Mavzuga oid
16:15 / 01.02.2026
Turkiyada avtobus ag‘darilishi oqibatida 8 kishi halok bo‘ldi
09:03 / 31.01.2026
Turkiyada deportatsiya bekor qilinmadi - rasmiy izoh
14:41 / 30.01.2026
Turkiyaga ishga chiqish osonlashadi: malaka baholash va sertifikatlash boshlanadi
23:10 / 29.01.2026