O‘zbekiston | 13:05 / 07.02.2023
40365
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiyadagi zilzila oqibatida O‘zbekistonning bir fuqarosi halok bo‘lgan

To‘rt nafar o‘zbekistonlik bedarak yo‘qolgan.

Foto: AP

Turkiyada ro‘y bergan zilzila oqibatida Malatya viloyatida O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan ayol halok bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga muvofiq Turkiyadagi zilzila oqibatlarini bartaraf etish maqsadida safarbar etilgan O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi vakillari Hatay viloyatining Ovakent qishlog‘ida qidiruv-qutqaruv ishlarini boshladi. Bu hududda asosan 10 mingdan ortiq etnik o‘zbeklar istiqomat qiladi.

2023 yil 7 fevral (Toshkent vaqti bilan) soat 10.00 holatiga ko‘ra, zilzila oqibatida Malatya provinsiyasida bir nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘lgan. 

Bundan tashqari, to‘rt nafar o‘zbekistonlik bedarak yo‘qolgan. Ularni topish bo‘yicha tezkor qidiruv-qutqaruv ishlari amalga oshirilmoqda.

«Hozirda zilzila oqibatida zarar ko‘rgan fuqarolarimizga tegishli yordam ko‘rsatish va ularning murojaatlarini ko‘rib chiqish maqsadida O‘zbekistonning Anqara shahridagi elchixonasi qoshida 24 soat faoliyat yuritadigan shtab tashkil etilgan bo‘lib, unga quyidagi raqam orqali murojaat qilish mumkin +90-538-035-85-34», deyiladi ma’lumotda.

  • 6 fevral kuni Turkiya janubi-sharqida ro‘y bergan 7,8 balli zilzila qurbonlari soni 5 mingga yaqinlashdi. Qutqaruvchilarning so‘nggi hisoblariga ko‘ra, Turkiya va Suriyada zilzila oqibatida jami 4890 kishining o‘limi ro‘yxatga olingan. Turkiyada seshanba tongiga kelib qurbonlar soni 3381 nafarga yetgan, yana 20 426 kishi jarohatlangan. Zilzila oqibatida 5 775 bino vayron bo‘lgan. Suriyada esa 1509 kishining o‘limi tasdiqlangan.
Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid