Fan-texnika | 22:58 / 09.02.2023
59043
2 daqiqa o‘qiladi

Google yangi chat-boti xatosidan keyin 100 milliard dollar yo‘qotdi 

Bard chat-boti «Jyeyms Uebb» teleskopi haqidagi savolga noto‘g‘ri javob bergach, Google 100 milliard dollar yo‘qotdi. 

Foto: REUTERS/Andrew Kelly

Sun’iy intellekt elementlariga ega Bard chat-botining xatosi tufayli Google’ga egalik qiluvchi Alphabet kompaniyasi aksiyalari qiymati qariyb 8 foizga tushib ketdi va kapitallashuvning deyarli 100 milliard dollarga kamayishiga olib keldi. 

Reuters xabariga ko‘ra, 8 fevral kuni Nyu-York fond birjasidagi kunlik savdolarda aksiya narxi 99,37 dollargacha pasaygan. 

Bunga Google kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan Bard chat-boti soxta kashfiyotni «Jyeyms Uebb» teleskopi bilan bog‘lagani sabab bo‘lgani aytilmoqda. Yangi sun’iy intellekt chat-botining jonli namoyishi paytida unga «To‘qqiz yoshli bolamga «Jyeyms Uebb»ning qanday yangi kashfiyotlari haqida aytib bera olaman?» degan savol berilgan. Bot uchta misol keltirgan, ularning ikkitasi to‘g‘ri, bittasi noto‘g‘ri bo‘lgan. Noto‘g‘ri javob tariqasida ushbu teleskop quyosh tizimidan tashqaridagi ekzosayyoralar yoki sayyoralarning birinchi suratlarini olgani aytilgan.

NASA ma’lumotlariga ko‘ra, ekzosayyoralarning haqiqiy birinchi suratlari ancha oldin, 2004 yilda olingan. Rasm muallifi esa Yevropa janubiy observatoriyasining Juda katta teleskopi (Very Large Telescope yoki VLT) edi. 

Agentlik bot xatosini Google kompaniyasining OpenAI va uning ChatGPT kabi boti bilan raqobati fonida loyihani taqdim etishga shoshayotgani bilan izohlagan. 

Avvalroq, Bard xizmati Google kompaniyasining o‘ziga xos til modeli bo‘lgan LaMDA asosida yaratilgani haqida xabar qilingandi. Bir vaqtning o‘zida ChatGPT boti Microsoft kompaniyasining Bing qidiruv tizimiga integratsiya etilishi e’lon qilindi. 

Mavzuga oid