Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Turkiyadagi zilzila nega bu qadar vayronkor bo‘ldi?
Turkiya va Suriya chegarasi yaqinida ro‘y bergan zilzila qurbonlari soni 19 mingdan oshdi. Tongda G‘oziantepning Suriya bilan chegaraga yaqin qismida ro‘y bergan kuchli yer silkinishi ortidan kun davomida o‘nlab aftershoklar kuzatildi, kunning ikkinchi yarmida esa Turkiyaning boshqa bir viloyati - Qahramonmarash hududida ikkinchi kuchli zilzila ro‘y berdi. Bu zilzilalar kuchi va uning sabablari bo‘yicha fan nuqtayi nazaridan nimalar deyish mumkin?
Zilzila nega bu qadar halokatli edi?
G‘oziantep hududidagi zilzila kuchi 7,8 ballga baholandi, bunday magnitudadagi yer silkinishlari halokatli zilzila sifatida baholanadi. Uning epimarkazi u qadar chuqur joylashmagandi - 18 km atrofida, bu esa yuqorida jiddiy vayrongarchiliklarga sabab bo‘ldi.

«So‘nggi 10 yilda bunday magnitudali faqat ikkita zilzila kuzatilgan, undan oldingi o‘n yillikda esa yana to‘rtta», deya izohlaydi Londondagi Universitet kollejining Tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish bo‘yicha instituti rahbari, professor Joanna For Uoker.
Ammo zilzila kuchi - keng ko‘lamli vayrongarchiliklarning yagona sababi emas. Bu holat tunda, odamlar uxlayotgan vaqtda ro‘y bergan. Ular yashagan binolarning mustahkamlik darajasi ham muhim omillardan edi.
Porsmut universitetining vulqonshunoslik va xavflar to‘g‘risida xabardor qilish bo‘yicha mutaxassisi, doktor Karmen Solananing so‘zlariga ko‘ra, birinchi silkinishdan keyingi bir kun - odamlarni qutqarishda hal qiluvchi «oltin davr» bo‘ladi.
«Afsuski, Turkiya janubida va ayniqsa Suriyada infratuzilmalar mustahkamligi bir xil darajada emas, shuning uchun odamlarni qutqarib qolish masalasi tezkor harakatlanishga bog‘liq bo‘ladi. Dastlabki 24 soat omon qolganlarni qidirish uchun hal qiluvchi davr, 48 soat o‘tib esa omon qolganlar soni keskin kamayadi», deya tushuntiradi Solana.
Bu hududda so‘nggi 200 yillikda bu kabi yirik zilzilalar ro‘y bermagan, shuning uchun tayyorgarlik darajasi ham zilzilalar doimiy kuzatiladigan boshqa hududlardagiga nisbatan pastroq.
Zilzilaga nima sabab bo‘ladi?
Yer qobig‘i bir-biriga zich bosilgan tektonik platolardan tashkil topgan. Vaqti-vaqti bilan bu platolar siljishga harakat qiladi, ammo ularga qo‘shni plato bilan tutashuv natijasidagi ishqalanish xalal beradi. Ba’zida bosim platolardan biri kutilmaganda joyidan siljimaguncha kuchayib boradi, bu esa yer yuzasida harakat keltirib chiqaradi.

Bu holatda Arab tektonik platosi shimolga harakatlanib, Anado‘li platosi bilan to‘qnashgan.
Bu platolarning o‘zaro ishqalanishi avval ham vayronkor zilzilalarga sabab bo‘lgan. 1822 yil 13 avgustida bu hodisa 7,4 magnitudali zilzilani keltirib chiqargan - bu dushanba kungi zilzilanikidan pastroq kuchga ega zilzila bo‘lgan.
Shunga qaramay, XIX asrdagi zilzila bu mintaqadagi shaharlarga katta zarar keltirgan: birgina Halab shahrida 7 ming o‘lim qayd etilgan. Vayronkor aftershoklar yil bo‘yi davom etgan.
Bu safargi zilziladan keyin ham o‘nlab aftershoklar ro‘y berdi, olimlar oldingi yirik zilzilalardan keyin bo‘lgani kabi holat takrorlanishini kutishmoqda.
Zilzila qanday o‘lchanadi?
Ular magnituda shkalasi yoki Rixter shkalasida (shu shkalani taklif etgan amerikalik seysmolog Charlz Rixter nomi bilan atalgan) o‘lchanadi.
Bu shkalaga ko‘ra, 2,5 magnitudagacha bo‘lgan zilzilalar xavfsiz bo‘ladi - yer yuzida bunday shkaladagi zilzilalar yiliga bir necha yuz ming martagacha sodir bo‘ladi, ular odatda oddiy odamlarga sezilmaydi, uni faqat maxsus qurilmalar orqali payqash mumkin.
Silkinishlar epimarkazda eng kuchli bo‘lib, undan uzoqlashgan sari kuchi pasaya boradi.
2,5 balldan 5 ballgacha bo‘lgan yer silkinishlarini esa oddiy odamlar sezadi va ular binolarda shikastlanishlar hosil qilishi mumkin.
Turkiyada ro‘y bergan 7,8 magnitudali zilzila esa vayronkor toifaga kiradi va bunday darajadagi silkinishlar yer yuzasidagi binolarga katta zarar yetkazadi.

8 balldan yuqori bo‘lgan barcha zilzilalar esa halokatli zilzilalar hisoblanadi, bunday zilzila epimarkaz atrofidagi hududni butunlay yakson etishga qodir bo‘ladi.
2011 yil martida Yaponiya sohillari yaqinida sodir bo‘lgan 9 balli zilzila quruqlikda katta vayrongarchiliklar olib kelib, ulkan sunamilar seriyasini keltirib chiqargan, ulardan biri natijasida Yaponiyaning «Fukusima-1» atom elektr stansiyasida avariya yuzaga kelgan.
Shu bilan birga, Yaponiyadagi binolar mustahkam qurilgani tufayli binolar qulashi kuzatilmagan. Mamlakatda 1995 yilda Kobe shahrida ro‘y bergan, 200 ming binoni qulatgan zilziladan so‘ng qurilishlarga alohida e’tibor berish, yangi texnologiyalarni ishlatish boshlangan. Xususan, ko‘priklar ostiga rezina bloklar o‘rnatilgan, domino effektidan qochish uchun binolar bir-biridan uzoq joylashtirilgan.
9,5 magnitudali eng kuchli zilzila Chilida 1960 yilda qayd etilgan.
Mavzuga oid
16:15 / 01.02.2026
Turkiyada avtobus ag‘darilishi oqibatida 8 kishi halok bo‘ldi
09:03 / 31.01.2026
Turkiyada deportatsiya bekor qilinmadi - rasmiy izoh
14:41 / 30.01.2026
Turkiyaga ishga chiqish osonlashadi: malaka baholash va sertifikatlash boshlanadi
23:10 / 29.01.2026