Jahon | 08:16 / 10.02.2023
13958
4 daqiqa o‘qiladi

Turkiya va Suriyada zilzila qurbonlari soni 20 mingdan oshdi

Turkiya va Suriyadagi zilzila qurbonlari soni 20 mingdan oshdi, bu "Fukusima-1" atom elektr stansiyasidagi avariyadan keyin halok bo‘lganlar sonidan ham ko‘proq, deb xabar bermoqda AP axborot agentligi.

Foto: Dunya.com

AFP agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 6 fevral kuni Turkiya va Suriyada episentri Gaziantep yaqinida sodir bo‘lgan 7,8 magnitudali zilzila va undan keyingi zilzila qurbonlari soni 20 mingdan oshdi. Bu 2011 yilda "Fukusima-1" atom elektr stansiyasidagi avariyadan keyin halok bo‘lganlar sonidan ko‘proqdir. O‘shanda, taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra, 18,4 ming kishi halok bo‘lgan va bedarak yo‘qolgan.

Turkiya tomonining rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu mamlakatda tabiiy ofat oqibatida 17 134 kishi halok bo‘lgan.

AFP ma’lumotlariga ko‘ra, Suriyaning isyonchilar nazoratidagi shimoli-g‘arbiy hududlarida qurbonlar soni kamida 3162 kishini tashkil etmoqda. Suriyadagi hukumat manbalari 3000 kishi halok bo‘lganini aytmoqda.

Turkiya rasmiylariga ko‘ra, mamlakat janubi-g‘arbidagi Adanadan mamlakat janubi-sharqidagi Diyorbakirgacha yoyilgan tabiiy ofat zarbasi oqibatida 6500 ta bino qulagan va 13,5 millionga yaqin odam zarar ko‘rgan. Suriyada, hatto Xamada ham - zilzila episentridan 250 km uzoqlikda qurbonlar bor.

"Iqtisodiy yo‘qotishlarni baholash qiyin", sababi vaziyat o‘zgaryapti, lekin ular 2 milliard dollardan (1,8 milliard yevro) oshib, 4 milliard dollarga (3,7 milliard yevro) yetishi mumkin, deb yozadi Fitch Ratings.

Agentlikning qo‘shimcha qilishicha, sug‘urta kompaniyalari uchun yo‘qotishlar mintaqada sug‘urta qoplamasining kam kirib borishi sababli 1 milliard dollar (930 million yevro)ga yetishi mumkin.

Tahlilchilarga ko‘ra, kuchli zilzila Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning 14 may kuni Turkiya prezidenti etib qayta saylanish rejalarini barbod qilishi xavfi bor. Natijalar uning harakatlari tezligiga bog‘liq bo‘ladi.

"Favqulodda vaziyatga samarali javob berish davlat rahbari va uning Adolat va taraqqiyot partiyasi pozitsiyasini mustahkamlab, milliy birdamlik tuyg‘usiga hissa qo‘shishi mumkin", dedi Teneo xalqaro konsalting kompaniyasi eksperti Volfango Pikkoli. "Agar zilzilaga javob choralari muvaffaqiyatli bo‘lmasa, Erdo‘g‘an may oyida bo‘lib o‘tadigan saylovlarda mag‘lub bo‘lishi mumkin", deb prognoz qilgan Britaniya Foreign Policy Centre tahlil markazidan Emre Kaliskan.

AQSh Geologiya xizmati (USGS) ma’lumotlariga ko‘ra, 6 fevral kuni mahalliy vaqt bilan soat 04:17 da Suriya bilan chegaraga yaqin muhim sanoat markazi Gaziantep shahri atrofida 7,8 magnitudali zilzila sodir bo‘lgan. Yer silkinishlari Livan, Iroq, Misr, Gretsiya, Kipr va Isroilda ham sezilgan. Keyinchalik, 7,5 magnitudali ikkinchi zilzila va o‘nlab kuchsizroq zilzilalar sodir bo‘ldi, deb xabar qildi USGS. Yer silkinishlari poytaxt Anqara, Adana, Nevshehir, Gaziantep, Kayseri, Mersin, Hatay kabi turli hududlarda sezildi.

Turkiya ogohlantirishning eng yuqori darajasi – to‘rtinchi darajani e’lon qildi. Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an tabiiy ofat va bir haftalik motam tufayli mamlakatda favqulodda holat e’lon qildi.

Turkiya rasmiylari xalqaro yordam so‘radi va mintaqaga o‘nlab mamlakatlardan qutqaruv guruhlari yuborildi. BMT zilzila qurbonlariga yordam berish uchun 25 million dollar ajratilishini e’lon qildi.

Ayni paytda, BMT gumanitar yordamining birinchi karvoni Suriyaga kirdi, deb xabar berdi Turkiya bilan chegaradagi Bab al-Hava punkti matbuot kotibi Mazen Allush.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid