Jahon | 17:55 / 11.02.2023
27786
3 daqiqa o‘qiladi

Ko‘zni yoshlantirgan qutqaruvchilar

Shunday kasb egalari borki, ularning faoliyati odatda ko‘pam ko‘zga ko‘rinavermaydi. Aslida shunday bo‘lgani ma’qul. Chunki bunday soha vakillari diqqat markaziga chiqdimi, vaziyat jiddiy, inson hayoti, jamiyat xavf ostida, davlat murakkab vaziyat qarshisida. Turkiya va Suriyadagi zilzilalardan so‘ng bugungi qahramonlarimiz – Favqulodda vaziyatlar vazirligi qidiruv-qutqaruv xodimlari talafot o‘chog‘iga yo‘l olishdi.

Turkiyadagi zilziladan so‘ng davlat rahbari topshirig‘iga ko‘ra qisqa vaqt ichida yo‘lga otlangan FVV xodimlari haqidagi lavha ko‘pchilikni to‘lqinlantirdi. Yigitlarning shaxdam qadamlar bilan samolyotga chiqib ketishlari, yetib borgan zahoti ishga kirishib, jabrlanganlarni qutqarib olayotganlari yurtdoshlarimiz ko‘zini yoshga to‘ldirdi. Dastlab 100 nafar FVV xodimlari, keyinchalik 71 nafar harbiy shifokorlar ofat o‘chog‘iga yo‘l oldilar va bugungi kunda faol harakat qilishmoqda.

Zilzila hududida bo‘lgan vatandoshlarimiz qutqaruvchilar tashrifidan juda mamnun bo‘lganlarini bildirishgan. “Bugun O‘zbekistondan kelgan qutqaruvchilarning bir guruhini ko‘rib qoldim. “FVV“ yozuvi tushirilgan, O‘zbekiston bayrog‘i ilingan mashinani ko‘rib, g‘ururlanib ketdim”, — deydi Hataydagi toshkentlik Sanjar.

Ayniqsa tabiiy ofat hududidagi aholi qutqaruvchilarimizga katta minnatdorchilik bildirishmoqda. “O‘zbeklar qardoshlarimiz o‘laroq qiyin kunlarimizda bizga yordam berishyapti”, deyishmoqda ular.

“Bizga qardosh xalq ekanligingizni yana bir marta ko‘rsatdingiz, Alloh rozi bo‘lsin sizlardan, – deydi ofat hududida bo‘lgan Turkiya fuqarosi Tolg‘a Dikmen.

Ofat sodir bo‘lgan bu hududlarga yurtimizdagi AFAD tashkiloti ham yetib kelolmadi. Siz esa qanchalar uzoqda bo‘lsangiz ham yetib kelib, qutqaryapsizlar. Yaxshi tayyorlangan guruhsizlar deb o‘ylayman. Qardosh o‘lkamizsiz. Jo‘natgan davlatingizdan ham, sizdan ham Alloh rozi bo‘lsin deymiz”.

Eng ta’sirlisi o‘zbekistonlik qutqaruvchilarning zilziladan 102 soat, ya’ni 4,5 sutka o‘tib, 32 yoshli Naim Bayaslini qutqarib qolganlari hammani to‘lqinlantirdi. Hatay viloyatining Antakya tumanida olib borilayotgan murakkab operatsiya shuncha vaqt o‘tib ham ijobiy natija bergani chindan ham juda quvonarli. Bundan tashqari yana o‘nlab bolalar va kattalar qutqarib olindi.

Qutqaruvchilarimizning ofat hududiga jo‘natilganining eng asosiy jihati qardosh xalqqa og‘ir paytda yordam bo‘lsa, ikkinchi tomoni – mutaxassislar eng murakkab vaziyatlarda ishlab, tajriba orttiradilar. Boshqa yurtlardan kelgan hamkasblarining faoliyatini o‘rganadilar, real vaziyatda tashabbusni qo‘lga olishni, sinovlarga tik boqishni odat qiladilar. Albatta, yurtimizni bunday balo-yu ofatlardan O‘zi asrasin, lekin tajriba shuni ko‘rsatadiki, bu soha vakillari har doim, har on shay turishlari lozim.

Abror Zohidov

Mavzuga oid