O‘zbekiston | 09:41 / 11.02.2023
8515
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Vetnam sholining yangi navlarini yaratishni rejalashtirmoqda

O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari Qahramon Yo‘ldoshev mamlakat delegatsiyasi tarkibida Vetnamda bo‘ldi.

Foto: Dunyo

Tashrif doirasida Vetnam qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Phung Duk Tiyen bilan uchrashuv bo‘lib o‘tgan. Unda ikki davlat o‘rtasida qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohalaridagi hamkorlikning keng ko‘lamli masalalari muhokama qilindi.

Muloqot yakunida ikki davlat o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlik qilish, qishloq xo‘jaligi va o‘simliklar karantini sohasida hukumatlararo hujjatlarni tayyorlash, ishchi guruh tuzish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Tomonlar O‘zbekiston sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti va Vetnam qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasining sholichilik bo‘yicha ilmiy-tadqiqot institutlari ishtirokida sholining yangi yuqori mahsuldor va barqaror navlarini yaratish uchun O‘zbekiston hududida qo‘shma sholichilik markazini tashkil etish bo‘yicha ahdlashib oldi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti va Vetnam milliy agrar universiteti o‘rtasida sholichilik yo‘nalishi bo‘yicha qo‘shma magistratura o‘quv dasturini yaratish yuzasidan bir to‘xtamga kelindi.

Muloqot davomida Toshkent davlat agrar universiteti va Vetnam milliy agrar universiteti o‘rtasida sholichilik va baliq yetishtirish yo‘nalishida kadrlar malakasini oshirish va qo‘shma ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish uchun talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi masalasi ham muhokama qilindi.

Ipakchilik bo‘yicha O‘zbekiston tajribasini o‘rganish uchun vetnamlik talaba va olimlarni O‘zbekistonga yuborish masalasini ishlab chiqish xususida so‘z yuritildi.

O‘zbekiston delegatsiyasi ikki kunlik tashrif davomida Vetnam Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasida tajriba sholi maydonlari va qulupnay yetishtirishga mo‘ljallangan yil davomida faoliyat yurituvchi issiqxona majmuasi, Xanoy shahridagi MTT Vietnam Investment kompaniyasining yem ishlab chiqarish zavodi faoliyati bilan tanishdi.

Vetnam kompaniyalari bilan sholichilik, baliqchilik, qisqichbaqa yetishtirish, sabzavot va poliz ekinlari urug‘chiligi kabi sohalarda qo‘shma investitsiyaviy loyihalarni yo‘lga qo‘yish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Mavzuga oid