Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Turkiya va Suriyada zilzila qurbonlari soni 35 mingdan oshdi
Turkiyadagi zilzilalarda kamida 31,5 ming kishi halok bo‘ldi. Qo‘shni Suriyada yana 4500 ga yaqin odam hayotdan ko‘z yumdi.
Turkiya va Suriya o‘rtasidagi chegara hududida sodir bo‘lgan halokatli zilziladan bir hafta o‘tib, qurbonlar soni 35 mingga yetdi. Birgina Turkiya janubida tabiiy ofat hududidan 31,6 ming qurbonning jasadi topildi, Suriyada qurbonlar soni 4300 nafarga yetdi, deb xabar berdi BMTning Gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi 13 fevral, dushanba kuni.
Tirik qolganlarni topish imkoniyati tobora kamayib borayotganiga qaramay, Turkiyaning Gaziantep viloyatida qutqaruvchilar dushanba kuni tabiiy ofatdan 170 soat o‘tib qulagan uy vayronalari ostidan tirik ayolni olib chiqishdi. Qahramanmarash viloyatida yana bir qutqaruv guruhi vayronalar ostidan 30 kunlik chaqalog‘i va buvisi bor ayolni qutqarish maqsadida tunnel qazdi.
Mutaxassislar vayronalar ostida yana ko‘plab qurbonlar borligidan xavotirda. Turkiya uchun bu zilzila 1939 yildan beri eng halokatli bo‘ldi. Qayta saylanmoqchi bo‘lgan Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an xalqning noroziligiga duch kelmoqda. Ko‘pchilik uni va rasmiylarni jabrlanganlarga yordam ko‘rsatishdagi sustlikda ayblamoqda. Muxolifat hokimiyatni zilzila zonasida qurilish standartlariga rioya qilinmagani uchun tanqid qildi. Erdo‘g‘an bu ayblovlarni rad etyapti.
Umuman olganda, 6 fevral kuni Turkiyada 7,8 va 7,6 magnitudali ikkita zilzila natijasida mamlakatning o‘n viloyatida 13 milliondan ortiq odam jabrlandi. Hozirda tabiiy ofat zonasida 238 mingdan ortiq qutqaruvchi ishlamoqda.