Jahon | 09:42 / 16.02.2023
8155
2 daqiqa o‘qiladi

Yevroparlament Tbilisini Saakashvilini ozod qilishga chaqirdi

Yevroparlament deputatlari insonparvarlik sabablariga ko‘ra og‘ir kasal bo‘lgan Gruziya sobiq prezidentini davolanish uchun qo‘yib yuborishni talab qilmoqda. Uning salomatligi uchun Tbilisi mas’ul ekani eslatildi.

Mixail Saakashvili / Foto: Reuters

15 fevral, chorshanba kuni Yevroparlament Gruziya hukumatidan «insonparvarlik sabablariga ko‘ra va siyosiy qutblanishni kamaytirish uchun» sobiq prezident Mixail Saakashvilini ozod qilishni va «uning xorijda to‘g‘ri davolanishiga ruxsat berishni» talab qiluvchi rezolyutsiya chiqardi.

Yevroparlament deputatlari Gruziya hukumatiga «sobiq prezidentning sog‘lig‘i va salomatligini ta’minlash, unga to‘g‘ri tibbiy yordam ko‘rsatish, asosiy huquqlari va shaxsiy qadr-qimmatini hurmat qilish uchun mas’ul ekanini» eslatdi.

Rezolyutsiya 2 fevral kuni Yevroparlamentda bo‘lib o‘tgan Saakashvilining pozitsiyasiga doir muhokama natijasi bo‘ldi. «Uning qamoqda o‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Gruziya hukumati agar unga biror narsa bo‘lsa, Saakashvilining ahvoli uchun to‘liq javobgarlikni o‘z zimmasiga oladi, ular javobgar bo‘lishadi», - deya ogohlantirgan Slovakiya vakili Miriam Leksmann. U Gruziya hukumatining «uyatli» xatti-harakati uning Yevropa intilishlariga keskin zid kelishini aytdi.

Mixail Saakashvili 2021 yilning kuzida chegarani noqonuniy kesib o‘tib, Gruziyaga qaytganida qo‘lga olingan edi. Hibsda bo‘lganida uning sog‘lig‘i yomonlashdi. Ukraina bir necha bor sobiq prezidentni Kiyevga yuborishni talab qilgan, chunki u Ukraina fuqaroligiga ham ega.

Mavzuga oid