Jahon | 23:22 / 22.02.2023
33063
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoyning Ukraina bo‘yicha «tinchlik rejasi» anglashilmovchilik bo‘lib chiqdi 

Pekin xatoni tushuntirdi. 

Foto: Reuters

Rossiyaning Ukrainaga keng miqyosli bosqiniga 1 yil to‘lishi arafasida Xitoy rasmiylari ushbu urushni hal qilish bo‘yicha «tinchlik rejasini» emas, balki «o‘z rasmiy pozitsiyasini» e’lon qiladi. Bu haqda Xitoyning BMTdagi doimiy vakili Chjan Tszyun jurnalistlarga ma’lum qildi, uning so‘zlaridan Reuters iqtibos keltirdi. 

Tszyun so‘zlariga ko‘ra, 24 fevral kuni Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi bo‘yicha «asosan Xitoyning izchil pozitsiyasini aks ettiruvchi» hujjat taqdim etiladi. 

«Biz buni hech qachon tinchlik rejasi deb atamaganmiz. Bu pozitsiya hujjati. Biz barcha davlatlarning suvereniteti va hududiy yaxlitligini hurmat qilishda davom etamiz. Biz davlatlar bir-birining xavfsizlik manfaatlarini hisobga olishi kerakligini ta’kidlaymiz», dedi Tszyun. 

Yaqinda o‘tkazilgan Myunxen xavfsizlik konferensiyasida Xitoy bosh diplomati Van I 24 fevral kuni Xitoy Ukrainadagi urushni to‘xtatish uchun siyosiy yechim taklif qiluvchi hujjatni e’lon qilish niyatida ekanini aytgan edi. 

Bloomberg xabariga ko‘ra, G‘arb rasmiylari Xitoyning tinchlikka oid takliflari Rossiya prezidenti Vladimir Putin g‘oyalariga aynan mos keladi, deb hisoblamoqda. Rejada o‘t ochishni to‘xtatish, shuningdek, Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazib berishni to‘xtatish talablari bo‘lishi mumkin. 

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy urushni tinch yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha Xitoy taklifi haqida eshitganini tasdiqladi. Biroq hozircha Ukraina bu borada hech qanday rasmiy hujjatlarni olmaganini aytgan edi. 

Mavzuga oid