Xitoy «tinchlik rejasi» matnini «urush» so‘zisiz e’lon qildi
Xitoy Tashqi ishlar vazirligi e’lon qilgan «tinchlik rejasi» matnida Ukrainadagi urush «mojaro» deb atalgan va Rossiyadan sanksiyalarni bekor qilish so‘ralgan.
Xitoy rasmiylari o‘zlarining «tinchlik tashabbusi» doirasida Rossiya va Ukraina o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish va tinchlik muzokaralarini boshlashga chaqirdi, uning matni 24 fevral, juma kuni Xitoy Tashqi ishlar vazirligi saytida e’lon qilindi.
Xitoyning «tinchlik rejasi» 12 tamoyilni o‘z ichiga oladi, u, mualliflarning fikricha, Rossiya Federatsiyasining Ukrainaga qarshi urushini tugatishga hissa qo‘shishi kerak. Biroq hujjatda «urush» so‘zining o‘zi tilga olinmagan – hujjatning inglizcha variantida mualliflar «mojaro» va «Ukraina inqirozi» so‘zlarini ishlatishgan.
Bundan tashqari, hujjat matnida Ukrainaning o‘z hududlarini Rossiya tomonidan bosib olinishiga rozi emasligi masalalari ko‘rib chiqilmagan va Rossiya Federatsiyasining hech qanday xatti-harakatlari tanqid qilinmagan – Pekin faqatgina «barcha davlatlarning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligi samarali himoya qilinishi kerak», deb ko‘rsatgan. Hujjatning o‘zi tezislar to‘plami shaklida taqdim etilgan va «Ukraina inqirozini siyosiy tartibga solish bo‘yicha Xitoyning pozitsiyasi» deb nomlangan.
Xitoy rejasiga ko‘ra, «mojaro»ni tinch yo‘l bilan hal etishga olib keladigan birinchi tamoyil «barcha mamlakatlar suverenitetini hurmat qilish» bo‘lishi kerak. Keyingi o‘rinda «sovuq urush mentaliteti»ni rad etish - ushbu bandda XXR «mamlakat xavfsizligi boshqalar hisobidan ta’minlanmasligi kerak» va «mintaqa xavfsizligi harbiy bloklarning kengayishini mustahkamlash bilan ta’minlanmasligi lozim» deb ta’kidlaydi. Shundan so‘ng Xitoy harbiy harakatlarni to‘xtatish va tinchlik muzokaralarini qayta boshlash zarurligini eslatib o‘tgan.
Bundan tashqari, XXR gumanitar inqirozni bartaraf etish, tinch aholi va harbiy asirlarni himoya qilish, shuningdek, atom elektr stansiyalari xavfsizligini ta’minlash zarurligini ta’kidlaydi. «Strategik xavflarni kamaytirish» bandida Pekin yadro qurolidan foydalanish tahdidlariga keskin qarshi chiqqan, biroq o‘z tanqidida «kimyoviy va biologik qurollar» ishlab chiqilishini eslatib o‘tgan – Moskva bir necha bor Kiyevni bunday harakatlarda dalilsiz ayblagan.
Hujjat matnida Xitoy Qora dengiz don tashabbusini va don eksportini rag‘batlantirishni qo‘llab-quvvatlaydi. Keyingi bandda u BMTni Rossiyaga nisbatan «bir tomonlama sanksiyalar»ni bekor qilishga chaqirib, ularni «suiiste’mol» deb atadi va «ular faqat yangi muammolarni keltirib chiqarishi»ga ishontirgan. Pekin ma’lum mamlakatlar nomini aytmagan, lekin ular «qonunning uzun qo‘li» iborasini an’anaviy ravishda AQSh doktrinasi bilan bog‘liq bo‘lgan holda foydalanadi. Xitoylik diplomatlarning fikricha, «ishlab chiqarish va ta’minot zanjiri barqarorligini saqlash» ham urushning tugashiga hissa qo‘shishi kerak.
Hujjatning oxirgi bandi bilan Pekin «mojaro zonalari»da «mojarodan keyingi» tiklanishni rag‘batlantirish zarurligiga e’tibor qaratadi, biroq buning uchun Rossiya zimmasiga mas’uliyat yuklamaydi – hujjat mualliflari faqat ushbu yo‘nalishdagi qo‘llab-quvvatlash «jahon hamjamiyati» tomonidan ta’minlanishi kerakligi haqida yozgan.
Mavzuga oid
14:56
Makron va Starmer Tramp g‘alabasidan keyin ham Ukrainani qo‘llashda «sobit» bo‘lishga va’da berishdi
11:51
Reuters: Ukraina Rossiya bilan muzokaralarni boshlashga tayyorlanmoqda
07:50
Germaniyada Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlash pasaymoqda
17:58 / 11.11.2024