Jahon | 14:32 / 27.02.2023
19419
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada do‘koniga ukrain shaharlari nomlarini yozib chiqqan faol hibsga olindi

Unga armiyani «obro‘sizlantirish» bo‘yicha ikkinchi ish ochilgan.

Foto: Dmitriy Skurixin

Leningrad oblastining Russko-Vysotskoye qishlog‘ida yashovchi tadbirkor va faol Dmitriy Skurixinga nisbatan Rossiya armiyasini «obro‘sizlantirish» bo‘yicha ikkinchi jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Bu haqda «Setevyye svobody» nashri xabar bermoqda.

«OVD-Info» ma’lumotiga ko‘ra, ushbu faolga qarshi yangi ish ochish uchun asos uning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqinning bir yilligida o‘tkazgan aksiyasi bo‘lgan — 2023 yil 24 fevralida Skurixin «Prosti Ukraina» so‘zlari yozilgan plakatni ko‘targan holda bir kishilik mitingga chiqqandi.

Huquq faollari xabar berishicha, Skuxirin 25 fevral kuni qo‘lga olingan, u tunni vaqtincha saqlash izolyatorida o‘tkazgan.

26 fevral kuni Leningrad oblasti Lomonosov sudi tergovning Skuxirinni hibsga olish to‘g‘risidagi so‘rovini qanoatlantirgan. «OVD-Info» yozishicha, faol 25 kun muddatga hibs qilingan.

  • Dmitriy Skurixin ko‘p yillardan buyon jamoatchilik faoli hisoblanadi — 2014 yildan buyon u Leningrad oblastidagi do‘koni fasadiga 200 ga yaqin siyosiy plakatlar joylashtirgan. Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli bosqini boshlangach, u o‘z do‘koni devorlariga harbiy harakatlar chog‘ida jabrlangan Ukraina shaharlari nomlarini yozib chiqa boshladi.
  • 2022 yil mayida Peterburgning Lenin rayon sudi Skurixinga Rossiya armiyasini «obro‘sizlantirish» haqidagi protokol bo‘yicha 45 ming rubl miqdorida jarima qo‘llagandi. Bunga ushbu faol 3 mart kuni o‘z telegram-kanalida joylashtirgan urushga qarshi rolik sabab bo‘lgandi.
  • Keyinroq Skurixinga armiyani «obro‘sizlantirish» bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atiladi. «Setevyye svobody» xabariga ko‘ra, faolga qarshi ish ochilishiga uning do‘konidagi urushga qarshi yozuvlar suratlari, shuningdek uning telegramdagi kanalida 2022 yil yozida e’lon qilgan urushga qarshi posti sabab bo‘ladi. Sentyabr oyining ikkinchi yarmida faolning uyida tintuv ishlari o‘tkaziladi, bir necha kundan keyin sud Skurixinga nisbatan muayyan harakatlarni taqiqlash tarzida ehtiyot chorasi qo‘llaydi.
Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid