Jahon | 18:27 / 27.02.2023
11040
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada migrantlar uchun «nazorat ostida qolish» rejimi joriy etiladi

Bu rejim sudda ishtirok etish uchun vaqtincha hibsda saqlanayotgan yoki jazoni o‘tayotgan migrantlarga nisbatan joriy etilishi rejalashtirilgan.

Rossiya Federatsiyasida migrantlar uchun «nazorat ostida qolish» rejimi joriy etiladi. Bu «Xorijiy fuqarolarning Rossiya Federatsiyasiga kirish va qolish shartlari to‘g‘risida»gi federal qonun loyihasida ko‘zda tutilgan. Hujjat matni internetda e’lon qilindi.

Ushbu rejim Rossiyada qolish huquqiga ega bo‘lmagan, ammo mavjud sharoit, masalan, sudda ishtirok etish uchun vaqtincha hibsda saqlanayotgan yoki jazoni o‘tayotgan migrantlarga nisbatan joriy etilishi rejalashtirilgan.

Natijada, Rossiyani tark etishga majbur, ammo qonuniy ravishda mamlakatda vaqtincha qolayotgan chet el fuqarolari Ichki ishlar vazirligining qattiq nazoratiga olinadi.

Birinchidan, bunday shaxslar doimiy ravishda yashash joyi haqida Ichki ishlar vazirligiga xabar berishi kerak, shu jumladan, agar shaxsan kelish imkoni bo‘lmasa, geolokatsiya belgisi bilan fotosurat yuborish orqali.

Bundan tashqari, ular huquqni muhofaza qilish organlarining roziligisiz yashash joyini o‘zgartira olmaydi.

Hozir qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasidan o‘tmoqda. Uning to‘liq kuchga kirishi 2024 yil 1 yanvardan rejalashtirilgan, biroq ayrim qoidalar amaldagi qonunchilik normalariga o‘zgartirishlar kiritish shaklida paydo bo‘lishi mumkin.

Rossiyada migrantlar ustidan nazoratni kuchaytirish tendensiyasi davom etmoqda.

2022 yil yanvarida Rossiya TIV immigratsiya qonunchiligini kuchaytirishni, jamoat tartibini buzgan xorijliklarni mamlakatdan deportatsiya qilishni taklif etdi. Bu taklif migrantlar ishtirokidagi mojarolarning ko‘payishi bilan bog‘liq edi.

2022 yil fevral oyida Rossiyaning ayrim hududlarida migrantlar uchun savdo, umumiy ovqatlanish, jamoat transporti, jumladan, taksida ishlashga ruxsat bermaydigan yangi taqiqlar joriy etildi.

Shu bilan birga, Davlat Dumasi yangi qonun qabul qildi, unga ko‘ra Rossiya fuqaroligini armiyada bir yil xizmat qilgandan keyin olish mumkin bo‘ldi. Bu Rossiya bilan Ukraina urushida harbiy xizmatchilarning yetishmasligi bilan izohlandi.

Bundan tashqari, avvalroq Rossiya Ichki ishlar vazirligi migrantlarni soxta nikohlar orqali fuqarolikni qonuniylashtirishiga qarshi kurashish bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqqan edi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid