Jahon | 09:02 / 01.03.2023
9837
4 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaning 6 hududida dron bilan bog‘liq favqulodda holat kuzatildi

Kecha kun davomida Rossiya Federatsiyasining oltita hududida shubhali dronlar topildi – dronlardan biri Moskvadan taxminan 95 kilometr uzoqlikda qulagan. Sankt-Peterburgda qiruvchi samolyotlar havoga ko‘tarildi.

Pulkovo aeroporti / Foto: GUBeRNIYa DAILY

28 fevral, seshanba kuni Rossiyada uchuvchisiz uchish apparatlari (UUA) bilan bog‘liq bir qator hodisalar qayd etildi. Kun davomida Rossiya Federatsiyasining oltita hududida dronlar topildi - dronlardan biri Moskvadan taxminan 95 kilometr uzoqlikda, "Gazprom" gaz kompressor stansiyasi yoniga qulagan. Sankt-Peterburgda qiruvchi samolyotlarni havoga ko‘tarish zarurati yuzaga keldi.

Moskva viloyatining Kolomenskiy tumanidagi Gubastovo qishlog‘i yaqinida uchuvchisiz uchish apparatlaridan biri qulab tushdi. Viloyat gubernatori Andrey Vorobyov Telegram'da xabar qilishicha, "nishon fuqarolik infratuzilma obekti bo‘lgan, u zarar ko‘rmadi". Qurbonlar va vayronagarchiliklar qayd etilmagan. Federal xavfsizlik xizmati ("FSB") tergovga qo‘shildi.

Halokat sodir bo‘lgan joydan unchalik uzoq bo‘lmagan yerda Rossiyaning "Gazprom" davlat korporatsiyasining "Voskresensk" gaz kompressor stansiyasi joylashgan. Kompaniyaning ta’kidlashicha, hodisa "hech qanday holatda ishga ta’sir qilmagan". "Hududiy gaz taqsimlash tarmoqlari normal ishlamoqda", — deyiladi matbuot xizmati xabarida. Portlash sodir bo‘lmadi.

SHOT Telegram-kanaliga ko‘ra, dron "Gazprom" stansiyasi panjarasidan bor-yo‘g‘i 10 metr masofada qulagan, Mash kanali o‘z navbatida, bu obektdan yuz metr uzoqlikda sodir bo‘lganini ma’lum qilgan.

SHOT ma’lumotlariga ko‘ra, bu UJ-22 zarba beruvchi UUA bo‘lishi mumkin. Bunday turdagi dronlar Ukrainaning "UKRDJYeT" kompaniyasi tomonidan ishlab chiqariladi. Ularning parvoz tezligi soatiga 160 kilometrga yetishi mumkin, maksimal parvoz balandligi 6000 metrni tashkil qiladi.

SHOT ma’lumotlariga ko‘ra, dron yonilg‘isi tugagani tufayli keskin tushib ketgan, daraxtlarga ilingan va qanoti shikastlangan. Dron xorijda ishlab chiqarilganligini TASS'ning huquq-tartibot idoralaridagi manbasi ham tasdiqlagan.

Gubastovodan Moskvagacha bo‘lgan masofa taxminan 95 kilometrni tashkil qiladi.

28 fevral kuni Leningrad viloyatidagi Sankt-Peterburg osmoni noma’lum uchar jism aniqlangani sababli vaqtincha yopildi.

Sankt-Peterburgning Pulkovo aeroporti barcha reyslarni to‘xtatdi. Shaharda chegarani noqonuniy kesib o‘tishda, shuningdek, havo hududida noma’lum narsalar paydo bo‘lganda e’lon qilinadigan "Kover" rejasi joriy etildi. Qiruvchi samolyotlar havoga ko‘tarilib, fuqarolik reyslari "kutish zonasi"ga o‘tkazildi.

Sankt-Peterburg hukumati "Pulkovo aeroportida parvozlarni 12 soatgacha kechiktirish e’lon qilingani", aeroportning o‘zi va uning xizmatlari "odatdagidek ishlayotgani" haqida xabar berdi. 

"Fontanka" nashri xabariga ko‘ra, Sankt-Peterburgdan 160-200 km uzoqlikda noma’lum uchar obekt kuzatilgan. Bu haqda Mudofaa vazirligi o‘z kanallari orqali Pulkovo xizmatiga xabar bergan. 

112 Telegram-kanaliga ko‘ra, ikkita qiruvchi samolyot - Su-35 va MiG-31 havoda uchib yurgan, noma’lum obekt esa katta dronga o‘xshagan. Uni Fin ko‘rfazi tomonidan payqashgan. 

Mavzuga oid